Rossiya Mudofaa vazirligi Qrimga hujum qaytarilgani haqida xabar berdi
Qator manbalar avvalroq, 4 yanvar kuni Ukraina Qurolli kuchlarining Qrimga uyushtirgan hujumi natijasida ikkita harbiy obektga zarba berilgani, 23 nafar harbiy xizmatchi, jumladan besh nafar yuqori martabali zobit halok bo‘lganini xabar qilgandi.
Rossiya Mudofaa vazirligi 6 yanvar, shanba kuni havo hujumidan mudofaa tizimlari Qrim yarimoroli uzra to‘rtta aviatsion boshqariladigan raketalarni tutib, yo‘q qilgani haqida xabar berdi. «6 yanvar kuni Moskva vaqti bilan taxminan soat 00:30 da Kiyev rejimi tomonidan Rossiya Federatsiyasi hududidagi obektlarga qarshi aviatsion boshqariladigan raketalardan foydalangan holda terrorchilik hujumi uyushtirishga urinish to‘xtatildi», — deyiladi mahkamaning Telegram-kanalida. Qayd etilishicha, raketalar havo hujumiga qarshi navbatchi mudofaa tizimlari tomonidan yo‘q qilingan.
Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 5 yanvar kuni Qora dengiz uzra beshta dron urib tushirilgan.
Ukrainaning Qrimdagi hujumi natijasida yuqori martabali zobitlar halok bo‘ldi
4 yanvar kuni Sevastopol gubernatori Mixail Razvojayev Rossiya harbiylari shaharga qilingan hujumni qaytarish doirasida bir nechta havo nishonlarini urib tushirganini ma’lum qildi.
Kremlparast «Kremlevskaya tabakerka» Telegram-kanalining Bosh shtab va Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligidagi yetti manbaga tayanib xabar berishicha, o‘sha kuni Ukraina Qurolli kuchlari Qrim tomon 10 ta raketa uchirgan, ulardan yettitasi havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan, qolgan uchtasi o‘z maqsadlariga erishgan. Kanal manbalarining iddao qilishicha, zarbalar Saks tumani, shuningdek, Sevastopol yaqinidagi harbiy obektlarga berilgan.
«Ikkita obektda 23 nafar harbiy halok bo‘ldi, ulardan besh nafari yuqori martabali zobitlar. Shuningdek, halok bo‘lganlar orasida kamida to‘qqiz nafar maxsus kuchlar askari ham bor», - deyiladi «Kremlevskaya tabakerka» xabarida. Bundan tashqari, kanal qayd etishicha, hujum natijasida havo hujumidan mudofaa va radioelektron tizimlarning bir qancha elementlari yo‘qotilgan. Shu munosabat bilan harbiylar Moskvadan yarimorolning havo mudofaasini zudlik bilan kuchaytirishni so‘ragan.
Ukrainaning «Yug» ko‘ngillilar armiyasi spikeri Sergey Bratchuk aytishicha, Sevastopol yaqinidagi qo‘mondonlik punkti nishonga olinganida bir qancha yuqori martabali rossiyalik zobit yoki general yo‘q qilingan.
Ukraina janubi mudofaa kuchlari matbuot kotibi Natalya Gumenyukning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Ukraina tomoni zarbalar oqibatlarini baholamoqda.
Mavzuga oid
23:24 / 13.11.2024
Rossiya hukumati yaralangan harbiylar uchun to‘lov tizimini o‘zgartirdi
20:43 / 13.11.2024
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
19:33 / 13.11.2024
Rossiyada migrant bolalarning rus tilini bilish darajasi tekshirilishi mumkin
17:53 / 13.11.2024