Ukrainada urushning 682-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Rossiya mudofaa vazirligi Qrim ustida ukrainlarning to‘rtta raketasi to‘xtatilgani, keyin Qora dengiz ustida kemalarga qarshi oltita raketa urib tushirilgani haqida hisobot berdi. Ukraina qurolli kuchlari Qrimdagi Saki harbiy aerodromiga zarba berilganini ma’lum qilgan.
- Donetsk oblastining Pokrovsk rayoni Rossiya qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi, shundan besh nafari bolalar. Xarobalar ostida odamlar qolib ketgan bo‘lishi mumkin.
- Belgorodda ukrainlar hujumidan keyin yopilgan savdo markazlari faoliyati tiklandi, ammo rojdestvo ibodatlari bekor qilindi.
- Moskva markazida safarbar qilinganlarning ayollari turmush o‘rtoqlarini frontdan qaytarishni talab qilgan holda piketga chiqishdi. Shuningdek, 15 chog‘li kishi Qizil maydondagi mitingga kelgan. Qo‘lga olinganlar haqida xabar berilmagan.
- Volodimir Zelenskiy rossiyaliklarning muzlatilgan aktivlarini Ukrainaga berishga chaqirdi, u bu aktivlar qiymatini 300 milliard dollarga baholagan. «Bu terrorchi davlatni o‘z terrori uchun to‘lov qilishga majbur etish uchun tarixiy imkoniyat», — deya qayd etgan Zelenskiy.
- Ukrainaga Daniyadan ilk F-16 qiruvchilari yetkazib berilishi yarim yilga kechiktirilmoqda. Daniya mudofaa vazirligi kechikish sababini keltirmagan. Kopenhagen Kiyevga F-16 samolyotlaridan jami 19 tasini yetkazib berishni va’da qilgan. Ukraina QK yana 42 ta qiruvchi samolyotni Niderlandiyadan qabul qilib olishi kerak — ular ham hozircha yetkazib berilmadi.
Putinning urush qurbonlari yaqinlari bilan uchrashuvi







































