Jahon | 16:00 / 08.01.2024
3991
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sudi 16 yoshli o‘smirni diversiyaga urinishda ayblab, hibsga oldi

Buynaksklik o‘smir 5 martgacha tergov izolyatoriga jo‘natildi. Tergov uni Shagol harbiy aerodromida Su-34 samolyotini yoqib yuborishga uringanlikda ayblamoqda. «FSB» ma’lumotlariga ko‘ra, u Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollangan.

Chelyabinskning Traktorozavodsk tuman sudi 7 yanvar, yakshanba kuni harbiy obektga diversiya uyushtirishga urinishda ayblangan dog‘istonlik 16 yoshli o‘smirni hibsga oldi. Sudya tergovchi va prokurorning buynaksklik fuqaroni 5 martgacha tergov izolyatoriga joylashtirish haqidagi iltimosini qanoatlantirdi. 

Chelyabinsk yaqinidagi Shagol harbiy aerodromida o‘smir Su-34 tovushdan tez uchuvchi qiruvchi-bombardimonchi samolyotiga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lgan, deya iddao qilgan tergovchilar. Hodisa yanvar oyida sodir bo‘ldi, samolyotdagi yong‘in tezda o‘chirildi, deya aniqlik kiritmoqda Chelyabinsk OAV. 

«FSB» Ukraina maxsus xizmatlarini voqeaga aloqador deb hisoblayapti

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlari o‘smirni 5 yanvar kuni qo‘lga oldi. Maxsus xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, yigit «Ukraina maxsus xizmatlarining ko‘rsatmalari bilan» harakat qilgan va ijtimoiy tarmoqlar orqali yollangan. Bundan tashqari, u 2023 yilning noyabr va dekabr oylarida Dog‘istondagi aloqa obektlari va temiryo‘l infratuzilmasiga o‘t qo‘yishda ishtirok etgan, deya ta’kidlaydi «FSB».

Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi 4 yanvarga o‘tar kechasi Shagol aerodromida Su-34 samolyoti yonib ketgani haqida avvalroq xabar bergan edi. Rossiya Mudofaa vazirligi voqea yuzasidan izoh taqdim etmadi.

Mavzuga oid