Jahon | 14:38 / 12.01.2024
4091
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada safarbarlik to‘g‘risidagi qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarildi

Oliy radada Ukraina harbiy rahbariyati bilan yopiq uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uning natijalariga ko‘ra, hukumat tomonidan kiritilgan safarbarlik to‘g‘risidagi qonun loyihasini rada takliflari bilan birga qaytarishga qaror qilindi, dedi David Araxamiya.

Foto: AP

Ukraina hukumati tomonidan Oliy radaga taqdim etilgan safarbarlik, harbiy ro‘yxatga olish va xizmat qoidalarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqish uchun vazirlar mahkamasiga qaytariladi. Bunday qaror Ukraina parlamenti va harbiy qo‘mondonlik vakillarining yopiq yig‘ilishida qabul qilindi, deb xabar berdi Oliy radadagi «Xalq xizmatkori» fraksiyasi rahbari David Araxamiya 11 yanvar, payshanba kuni Telegram'da.

Milliy xavfsizlik, mudofaa va razvedka qo‘mitasi yig‘ilishida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy, bosh shtab boshlig‘i Sergey Shaptala, mudofaa vaziri Rustem Umerov, Oliy rada rahbariyati, fraksiyalar va qo‘mitalar rahbarlari ishtirok etdi, deb qo‘shimcha qildi Araxamiya. «Ko‘p muhokamalar bo‘ldi. Biz harbiy qo‘mondonlikning iltimosini tushunamiz. Lekin hamma normalarni qo‘llab-quvvatlab bo‘lmaydi. Ayrim qoidalar inson huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri buzsa, ba’zilari optimal shakllantirilmagan. Harbiy qo‘mondonlikka bu haqda ochiq aytildi», - dedi fraksiya rahbari.

Deputatning fikricha, radadagi barcha siyosiy kuchlar safarbarlik zarurligini tushunadi va qo‘llab-quvvatlamoqda. «Yig‘ilish natijalariga ko‘ra qonun loyihasi tashabbuskorga qaytarildi. Shu bilan birga, biz qo‘mita va ishchi guruhlarda ishlab chiqilgan takliflarni o‘rganamiz», - deya qo‘shimcha qildi David Araxamiya.

Ukrainada safarbarlik rejalari

Ukraina hukumati Ukraina qurolli kuchlarida kadrlar yetishmasligi kuzatilayotganini bir necha bor ta’kidlagan va 2024 yilda ikki yildan beri jang qilganlar o‘rniga yangi harbiy xizmatchilarni safarbar etish va yo‘qotishlarni qoplashni rejalashtirgan. 2023 yil dekabr oyi oxirida Oliy radada mamlakatda safarbarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi hukumat qonuni ro‘yxatga olingan edi. Hukumat safarbarlik uchun chaqiruv yoshini 27 yoshdan 25 yoshga pasaytirishni taklif qilmoqda. Bundan tashqari, fuqarolarni ikki toifaga bo‘lish taklif etiladi - harbiy xizmatga «loyiq» va «noloyiq», oraliq toifa - «cheklangan tarzda loyiq» olib tashlanadi.

Chaqiruv qog‘ozlarini topshirish tartibini sezilarli darajada soddalashtirish taklif qilingan. Qonun loyihasiga ko‘ra, u shaxsan yoki elektron kabinet va elektron pochta orqali yetkazib berilishi mumkin. Xizmatdan bo‘yin tovlaganlar uchun bir qator cheklovlar o‘rnatish taklif qilinmoqda. Ularga xorijga chiqish, ko‘chmas mulk bilan bitimlar, avtomobil haydash va kredit olish taqiqlanishi mumkin.

Mavzuga oid