Jahon | 09:19 / 15.01.2024
3686
3 daqiqa o‘qiladi

Eronda namoyishlarni yoritgan jurnalistlar garov evaziga ozod qilindi

Jurnalistlar Nilufar Hamadiy va Elahe Muhammadiylar Mahsa Aminiy o‘limini birinchilardan bo‘lib yoritgan, shundan so‘ng ularning o‘zi qo‘lga olingan va qamoqqa tashlangan.

Foto: abaca/picture alliance

Eronda Mahsa Aminiyning o‘limi haqidagi xabarlari va undan keyingi ommaviy norozilik namoyishlarini yoritgani uchun hibsga olingan jurnalistlar Nilufar Hamadiy va Elahe Muhammadiy qamoqdan ozod qilindi. AFP agentligining 14 yanvar, yakshanba kuni xabar berishicha, qizlar apellyatsiya ko‘rib chiqilgunga qadar garov evaziga qo‘yib yuborilgan.

Shargh gazetasi jurnalisti Nilufar Hamadiy 2022 yil sentabrida Aminiy o‘limidan bir necha kun o‘tib hibsga olingan – 22 yoshli qiz axloq politsiyasi tomonidan ushlanganidan so‘ng yotqizilgan kasalxonaga tashrif buyurgani uchun. Ham Miham gazetasi fotografi Elahe Muhammadiy ham 2022 yil sentabrida qizning dafn marosimi haqida xabar berish uchun Aminiyning ona shahriga borganidan keyin hibsga olingan. 

O‘shandan beri ikkala jurnalist ham qamoqda edi. 2023 yil oktyabr oyida ular AQSh bilan hamkorlik qilish, milliy xavfsizlikka qarshi fitna uyushtirish va Islom Respublikasiga qarshi tashviqot qilishda aybdor deb topilib, 7 va 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Endi ularning har biri qariyb 180 ming yevro garov evaziga ozod qilindi va apellyatsiya ko‘rib chiqilishini qamoqxonadan tashqarida kutadi. 

Aminiyning o‘limi va noroziliklar 

Mahsa Aminiy 2022 yil 16 sentabrda bosh kiyimni noto‘g‘ri o‘rashda ayblanib, axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olinganidan so‘ng vafot etdi. Uning oilasi qiz politsiya zo‘ravonligi tufayli vafot etganini da’vo qilmoqda. Tehron rasmiylari buni rad etadi. 

Aminiyning o‘limi butun Eron bo‘ylab «Ayol, hayot, ozodlik!» shiori ostida bir necha oy davom etgan ommaviy norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Nohukumat tashkilotlarga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida 550 dan ortiq namoyishchi halok bo‘lgan, yetti kishi qatl etilgan. 

Mavzuga oid