Yevroparlament Budapeshtning «Yevropa Ittifoqining asosiy qadriyatlariga putur yetkazishga» qaratilgan «qasddan, qat’iyatli va tizimli» harakatlarini qoralaydi va Yevropa kengashini YeI shartnomasining 7-moddasiga muvofiq, Vengriya hukumati demokratiya tamoyillari va qonun ustuvorligi huquqlarini «jiddiy va qat’iy» buzayotganini aniqlashga chaqiradi. Bu haqda Yevroparlamentning 18 yanvar, payshanba kuni Strasburgda qabul qilingan «Vengriyadagi vaziyat va muzlatilgan YeI mablag‘lari» rezolyutsiyasida aytiladi.
Yevropa Ittifoqi shartnomasining 7-moddasi bandlaridan biri, agar Yevropa yetakchilari Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat demokratiyaning asosiy me’yorlarini muntazam ravishda buzyapti degan xulosaga kelsa, Yevropa kengashi uning ayrim huquqlari, masalan, ovoz berish yoki raislik qilish huquqini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Rezolyutsiyani 345 deputat qo‘llab-quvvatlagan, 104 nafari qarshi chiqqan, 29 nafari betaraf qolgan.
Ukraina uchun 50 milliard yevroni blokdan chiqarish
Bunday qattiq rezolyutsiyaning qabul qilinishiga so‘nggi yillarda Vengriyada qonun ustuvorligi bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashgani asos bo‘ldi. Bu «zaif guruhlar, jumladan, ayollar, lo‘lilar, migrantlar, boshpana izlovchilar va qochqinlar» hamda ommaviy axborot vositalari erkinligi holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. «So‘nggi o‘n yil ichida Vengriya saylov avtokratiyasining gibrid rejimiga aylandi», — deyiladi rezolyutsiyada.
Yevroparlament deputatlari hujjatda alohida «Vengriya bosh vazirining qarshiligi» tufayli Yevropa kengashi o‘tgan yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan sammit chog‘ida Yevropa Ittifoqi budjetiga o‘zgartirishlar kirita olmaganini eslatib o‘tdi, bu esa Ukrainaga moliyaviy yordam uzluksizligiga xavf tug‘dirdi.
Rezolyutsiya Vengriya hukumati rahbari Viktor Orbanning bu xatti-harakatlarini «to‘liq hurmatsizlik va Yevropa Ittifoqining strategik manfaatlarini buzish» deb atadi. «Hech qanday sharoitda Yevropa Ittifoqi o‘z qadriyatlaridan voz kechgan holda strategik manfaatlari va ittifoqchilarining manfaatlarini shantaj qilish va savdolashishga yo‘l qo‘yishi mumkin emas», — deyiladi hujjatda.
Yevroparlament deputatlari Yevropa kengashidan 1 fevral kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari YeI sammiti chog‘ida Yevropa Ittifoqi budjetiga o‘zgartirishlar kiritishga chaqirdi. U, jumladan, Ukrainaga kelgusi to‘rt yil davomida 50 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishni ham o‘z ichiga oladi.









