23 yanvar tongida rossiyalik harbiylar Ukraina bo‘ylab yopirilma zarba yo‘lladi. Ukraina IIVning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev, Xarkiv va Dnipropetrovsk oblastlari o‘qqa tutilishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, bir ayol og‘ir ahvolda, yana 50 dan ortiq kishi jarohatlangan.

RF qo‘shini Ukraina bo‘ylab jami 41 raketa uchirgan, bunda qanotli, ballistik, aviatsiya va zenit raketalardan foydalanilgan, deya ma’lum qildi Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy. Uning so‘zlariga ko‘ra, ukrain havo hujumidan mudofaa kuchlari 21 raketani urib tushirgan: X-101/X-555/X-55 rusumli 15 ta qanotli raketa, «Iskander-M» kompleksidan uchirilgan beshta ballistik raketa, shuningdek X-59 rusumli aviatsiya raketasi. Ukraina QK bosh qo‘mondoni tasdiqlashicha, rossiyaliklarning ballistik trayektoriya bo‘yicha yo‘llangan barcha raketalari ham o‘z nishoniga yetib bora olmagan.

Ukraina poytaxtiga bir necha bosqichli hujum uyushtirildi, deydi Kiyev harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popko. RF qo‘shini avvaliga Saratov oblastidan havoga ko‘tarilgan strategik bombardimonchilari bilan X-101/X-555/X-55 qanotli raketalarini uchirgan, keyin esa yerdan ballistik raketalar jo‘natilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari «qariyb yigirmata» raketani urib tushirgan.

Zarbalar oqibatida poytaxtning bir qancha rayonlari jabrlangan. Shahar harbiy ma’muriyatiga ko‘ra, Svyatoshinskiy rayonida avtomobillar yongan, ko‘p qavatli turar joydagi kvartiralardan birida yong‘in chiqqan. Shuningdek shu va Pecherskiy rayonida noturar joylar shikastlangan. Solomenskiy rayonida turar joy binosi zarar ko‘rgan, Darnitskiy rayonida urib tushirilgan raketa parchalari ko‘p qavatli uy tomiga hamda bolalar bog‘chasi hovlisiga tushgan.

Shahar meri Vitaliy Klichko Svyatoshinskiy rayonidagi uy kvartiralaridan birida portlamay qolgan raketaning jangovar kallagi aniqlangan. Uyda yashovchilar evakuatsiya qilingan. Shu rayondagi boshqa bir uyda parchalar birinchi qavatdan beshinchi qavatgacha bo‘lgan uylarning balkonlarini hamda to‘rtta kvartirani zararlagan.

Shahar harbiy ma’muriyati ma’lum qilishicha, Kiyev o‘qqa tutilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. Klichkoning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda 18 kishi jarohatlangan: katta yoshli 10 kishi hamda uch nafar bola shifoxonaga yotqizilgan, 13 yoshli o‘smir va to‘rt nafar katta yoshli kishiga voqea joyida yordam ko‘rsatilgan. Klichko qurbonlar borligi haqidagi ma’lumotni rad etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tinch aholi vakili bo‘lgan bir ayol jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan va uning hayoti saqlab qolingan.

Ukraina IIV tomonidan keyinroq berilgan ma’lumotga ko‘ra, Kiyev aholisi vakili bo‘lgan bir ayol klinik o‘lim holatida qolmoqda, shifokorlar uning hayoti uchun kurashishmoqda. Yana 21 kishi turli darajada jarohatlangan.