«Sharq» nashriyoti binolari Moddiy madaniy meros obektlari ro‘yxatidan chiqarildi
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 15 yanvardagi qarori bilan Toshkent shahar Buyuk Turon ko‘chasi 41-uyda joylashgan «Sharq» nashriyot-matbaa korxonasi binolari Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatidan chiqarildi.

Foto: Kun.uz
«Sharq» nashriyot-matbaa korxonasining Buyuk Turon ko‘chasi, 41-uy manzilida joylashgan binolari Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatidan chiqarilgan. Bu haqda O‘zbekiston Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi — «Lex.uz»dagi Milliy ro‘yxatga kiritilgan o‘zgartishlarga tayanib, Gazeta.uz xabar berdi.
O‘zbekistonda moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi qarori bilan shakllantirilgan. Qarorning ilovasining avvalgi tahririda Toshkent shahridagi moddiy madaniy meros obektlari ro‘yxatida 87-raqam ostida 1927 yilda qurilgan «Ilgarigi «Pravda Vostoka» gazetasi bosmaxonasi binosi», 88-raqam ostida esa XX asr davomida shakllangan «Sharq» nashriyoti matbaa korxonasi binolari» ko‘rsatib o‘tilgan edi.
Qaror ilovasiga Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 15 yanvardagi 28-sonli yangi qarori asosida o‘zgartirish kiritilgan. Yangilangan qaror ilovasida Toshkent shahridagi moddiy-madaniy meros obektlari ro‘yxatida 87 va 88-obektlar yo‘q, ro‘yxatda 86-obektdan keyin 89-obekt keladi.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 15 yanvardagi 28-sonli qarori ochiq e’lon qilinmagan, «Lex.uz» bazasida ham unga jonli havola berilmagan.
Amalga oshmay qolgan xususiylashtirish
O‘tgan yilning sentabr oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan O‘zA va «Sharq» nashriyotiga tegishli Toshkentdagi binolar (umumiy yer maydoni 3,02 gektar, bino maydoni 56,5 ming kv.m.) yaxlit kompleks sifatida xususiylashtish uchun ommaviy auksionga qo‘yilgani ma’lum qilingandi. Shundan so‘ng, Madaniy meros agentligi har ikkala bino O‘zbekiston moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatiga kiritilganini eslatib, ularni auksiondan olib tashlash bo‘yicha ogohlantirish bergandi.
«Sharq» nashriyoti matbaa korxonasi AJ binolari (Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon ko‘chasi, 41-uy manzilida joylashgan) Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatiga madaniy meros obekti sifatida kiritilgan. Obekt 1979-1983 yillarda qurilgan jami 14 ta bino, 2 ta bino qismi hamda 5 ta inshootdan iborat bo‘lib, umumiy maydoni 60 736 m2 ni tashkil etadi.
“Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga muvofiq, davlat mulkida turgan moddiy madaniy meros obektlari davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi mumkin emasligi belgilangan”, – deyilgandi Madaniy meros agentligining rasmiy xabarida.
Avvalroq, «Sharq» Uchtepa tumanidagi Katta Xirmontepa ko‘chasida joylashgan manzilga(ushbu manzilda Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli kompaniyalar joylashgan), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) shaharning Mirobod tumani Matbuotchilar ko‘chasida joylashgan Matbuot uyiga ko‘chirilishi xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, Buyuk turon ko‘chasida joylashgan sobiq MXX binosi ham xususiylashtirilgan edi. Bino sotuvga qo‘yilgan paytda madaniy meros obektlari ro‘yxatida turgan. Ta’sischisi sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li bo‘lgan Metropol guruhi ushbu davlat mulkini sotib olgani 2021 yil 17 iyunda e’lon qilingan, xuddi shu kundan e’tiboran bino hukumat qarori bilan madaniy meros obektlari ro‘yxatidan o‘chirilgan. Bino 2023 yil yozida buzib tashlandi, o‘rnida yirik mehmonxona qurilishi ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid

19:45 / 21.05.2025
Toshkentning 4 ta tumanida issiq suv ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi

23:56 / 20.05.2025
IIB xodimini pichoqlagan shaxsni qo‘lga olishda yordam bergan fuqaro 10 mln so‘m bilan taqdirlandi

20:52 / 20.05.2025
«Credit House» ishida 182 mlrd so‘m zarar aniqlandi

20:24 / 20.05.2025