Har yili boshida dunyo siyosatchilari, yirik biznes egalari, ekspertlar va boshqa faol ziyolilar jahon iqtisodiy forumida qatnashish uchun Shveytsariyaning Davos shahriga yig‘iladi. Xo‘sh, bu forumdan maqsad nima, uning doirasidagi bu yilgi asosiy mavzular nimalar bo‘ldi?

Uzoq 1971 yilda, asli germaniyalik iqtisodchi Klaus Shvab Shvetsariyaning sharqida joylashgan Davos shahrida kichikroq bir konferensiya o‘tkazadi. Boshida, bu Davos konferensiyalari ancha kamtarin va torroq doirada o‘tardi. Uning yig‘ilishlarida dunyoning taniqli siyosatchilari, eng katta kompaniyalari egalari, yirik faylasuf yoki mutafakkirlarni ko‘rib bo‘lmasdi.

Lekin, mana yillar o‘tib, rasman Jahon iqtisodiy forumi deb ataluvchi Davos forumi xalqaro maydonda juda yaxshi tanilgan katta brendga aylandi. Forumning maqsadi – dunyodagi taniqli iqtisodchilar, siyosatchilar, mutafakkirlar va OAV vakillari o‘rtasida fikr almashish, muloqot uchun qulay maydon yaratish hisoblanadi.

Bu forumda asosan iqtisodchilar, siyosatchilar, mutafakkir va faylasuflar hamda OAV vakillari ishtirok etadi. Forumda dunyoda kechayotgan eng yirik, muhim iqtisodiy, siyosiy, geosiyosiy masalalar muammolar muhokama etiladi. Albatta, bu forumda ishtirokchilar o‘z fikrlarini juda ochiq tarzda berishmaydi, shunday bo‘lsa-da, mulohazalarini OAVga tushunarli shaklda bayon qilishadi.

Bu yilgi Davos forumining asosiy mavzusi “Tarqoq dunyoda qanday qilib ishonchni tiklash mumkin?” degan savol atrofida kechdi va unda jami 60 ta davlatdan yuqori martabali amaldorlar, umuman, 120 ta davlat delegatsiyalari ishtirok etdi. Umumiy ishtirokchilar soni esa 2500 dan ortiq bo‘lgani aytildi.

Dunyoda juda yirik tektonik geosiyosiy va geoiqtisodiy o‘zgarishlar kechmoqda. Bunday o‘zgarishlar keyingi uch o‘n yillik davomida pishib kelayotgan edi. Sobiq SSSR qulagach, AQSh boshchiligidagi kollektiv g‘arb sovuq urushdan to‘liq g‘alaba bilan chiqdi. Rossiya jarohatlandi. Xitoy esa tinchgina iqtisodiy o‘sish bilan band edi. O‘tgan asrning oxirgi o‘n yilligi “mutlaq bir qutbli dunyo” davri bo‘ldi. AQSh yakka hukmronlik gashtini surdi.

2001 yil 11 sentabrdan so‘ng g‘arb va musulmon dunyosi o‘rtasida o‘zaro ishonchga darz ketdi. 2000 yillar davomida NATOning sharqqa kengayishi fonida, Rossiya va g‘arb o‘rtasida o‘zaro ishonchsizlik chuqurlashdi.

Keyingi 10-15 yilda Xitoy bilan AQSh o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar taranglashib bordi. Bugun, dunyo ekspertlari AQSh-Xitoy munosabatlarini “21-asrning eng katta savoli” deb ko‘rishadi. Keyingi davrda ko‘plab voqealar yuz berdiki, bugun dunyo davlatlari va elitalari o‘rtasida, o‘zaro ishonch xuddi sovuq urush davridagi kabi ancha past darajaga tushdi.