Jahon | 09:15 / 26.01.2024
2835
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya AQSh va Yevropadan bir yilda 1,7 mlrd dollarlik chiplar oldi

Rossiya tomonidan sotib olingan chiplar tanklar va raketalar ishlab chiqarish uchun ishlatilishi mumkin. Chiplarning aksariyati Amerikaning Intel, AMD, Analog Devices va Infineon Technologies Yevropa kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan, deb xabar beradi Bloomberg.

Foto: Reuters

Rossiya armiyasining Ukrainada urush olib borish uchun texnologiya olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘yilgan cheklovlarga qaramay, Rossiya o‘tgan yili 1 milliard dollarlik zamonaviy Amerika va Yevropa chiplarini import qildi. Bu haqda Bloomberg payshanba kuni Rossiya bojxona ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Agentlik ma’lum qilishicha, harbiy texnika, jumladan, tanklar va raketalar ishlab chiqarishda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan import chiplari Amerikaning Intel Corp, Advanced Micro Devices (AMD) va Analog Devices Inc., shuningdek, Infineon Technologies AG, STMicroelectronics NV va NXP Semiconductors NV Yevropa kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan.

Rossiya tomonidan sotib olingan chip ishlab chiqaruvchilari orasida bir nechta Xitoy kompaniyalari, shuningdek, Tayvanning Realtek Semiconductor kompaniyasi bor. Bloomberg ta’kidlashicha, bu kompaniyalarning barchasi sanksiyalar qonunchiligini buzganligi va texnologiyani Rossiyaga eksport qilgani haqida hech qanday dalil yo‘q. Agentlikning eslatishicha, sanksiyalangan texnologiyalarning aksariyati uchinchi davlatlar, jumladan Xitoy, Turkiya va BAA orqali Rossiyaga yetib boradi.

G‘arb kompaniyalari sanksiyalarni buzganini rad etadi

Mahsulotlari Rossiyaga kirgan Amerika va Yevropa kompaniyalari sanksiyalar talablariga to‘liq rioya qilganini va 2022 yil fevralida Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga hujumidan keyin Rossiya Federatsiyasidagi faoliyatini to‘xtatganini ma’lum qildi.

Iyul oyida «Verstka» nashri bojxona ma’lumotlariga tayanib, birgina 2023 yilning birinchi olti oyida Amerikaning Intel va AMD mahsulotlari, jumladan, mikroprotsessorlari Rossiyaga mos ravishda 169 million dollar va 35 million dollardan ortiq miqdorda import qilingani haqida xabar bergan edi. Umuman olganda, nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, olti oy davomida Rossiya Federatsiyasiga g‘arb kompaniyalarining qiymati 502 million dollardan ortiq chiplari import qilingan.

Mavzuga oid