O‘zbekiston | 09:53 / 09.02.2024
5871
2 daqiqa o‘qiladi

Yanvar oyida 94,5 mlrd so‘mlik tabiiy gaz va elektr energiyasi o‘g‘irlandi – O‘zenergoinspeksiya

​​​​​​​O‘zbekistonda bir oyda 995 iste’molchi elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi.

2024 yilning yanvar oyida O‘zbekistonda 94,5 mlrd so‘mlik tabiiy gaz va elektr energiyasi talon-toroj qilingan. Bu haqda O‘zenergoincpeksiya xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yanvar oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 995 iste’molchi tomonidan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Unga ko‘ra, 20 mln 486 ming kVt•soat elektr energiyasi hamda 47 mln 387 ming metr kub tabiiy gaz talon-taroj qilingan. Buning oqibatida davlat manfaatlariga jami 94 mlrd 542 mln so‘m zarar yetkazilgan.

Respublikaning barcha hududlarida inspeksiya tomonidan 24 969 ta profilaktika tadbiri o‘tkazilgan. Energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha 937 ta ma’muriy ish rasmiylashtirilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, energiya samaradorligi, avariya va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan 14 ta davlat korxona va muassasasida nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Ta’minotchi korxonalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan esa 1 540 ta obekt hamda 2 565 ta ijtimoiy soha obekti o‘rganilgan.

Oldinroq Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanganlarga jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgandi.

Mavzuga oid