Kun.uz bu voqea va uning atrofidagi vaziyatlar haqida so‘z yuritish uchun siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Hamid Sodiqni taklif etdi. 

— Rossiya Tashqi ishlar vazirligi elchimizni chaqirib, O‘zbekiston tomonidan bu borada rasmiy bayonot bilan chiqishni talab qilgan. Sherzodxon Qudratxo‘ja davlat lavozimidagi odam bo‘lmasa, uning shaxsiy fikri uchun davlat izoh berishi shart emas-ku, shunday emasmi? Bu haqdagi fikrlaringiz qanday?

Kamoliddin Rabbimov: — Avvalambor, Sherzod akaning intervyusidagi pozitsiyaga to‘xtalsak. Uning gaplarida rusofobiya yo‘q, rus tili yoki boshqa tillar o‘rganilmasin, degan pozitsiya ham mutlaqo yo‘q. Sherzodxon Qudratxo‘ja aytayotgan pozitsiya shuki: til jamiyatni integratsiya qiluvchi asosiy vosita va O‘zbekistonda yashayotgan barcha shaxslar o‘zbek tilini bilishi kerak, degan. Uning gaplarida «Ros sotrudnichestvo» aytgan rusofobiya alomatlari umuman mavjud emas. Rusofobiya degani rus millatiga, rus xalqiga, Rossiya davlatchiligiga nisbatan hurmatsizlik, obro‘sizlantirish bo‘lishi kerak, degani, ammo bu narsa yo‘q edi. Sherzodxon Qudratxo‘janing pozitsiyasi mudofaa va jamiyat integratsiyasi edi.

O‘zbekiston qonunchiligidan kelib chiqsak, biz allaqachon lotin yozuviga va O‘zbekiston davlatchiligi doirasida o‘zbek tiliga o‘tgan bo‘lishimiz kerak edi. Jamiyatda o‘zbek tiliga nisbatan ma’lum bir qatlamlarda hurmatsizlik bor, bu ko‘rinadi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja davlat mulozimi emas, OTM esa akademik institut hisoblanadi. Bundan tashqari, «Ros sotrudnichestvo» berayotgan bayonot esa O‘zbekistonning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichki ishlariga aralashish hisoblanadi.

Sherzodxon Qudratxo‘ja aytayotgan narsa Rossiyaning o‘zining qonunchiligida ham bor. U yerga yashash uchun, ishlash uchun vaqtincha borsa ham, rus tili va Rossiya tarixini bilish talab qilinadi. Yevropa, Amerikada faqatgina fuqarolik olmoqchi bo‘lganlardan davlat tarixi talab qilinadi. Rossiyadagi talablar esa dunyo standartidan yuqori. Nega endi shunchaki vaqtincha ishlash uchun borayotgan odamdan rus tili va Rossiya tarixi so‘raladi-yu, O‘zbekistonda necha o‘n yillardan beri yashayotgan odamdan o‘zbek tilini so‘rash rusofobiya bo‘lar ekan — mutlaqo mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Aslida bu yerda davlatlarning siyosiy va geosiyosiy psixologiyasini tahlil qilish kerak bo‘ladi. Lekin xalqaro qonunchilik va Rossiyaning o‘zining qonunchiligi bo‘yicha ham bu talab to‘g‘ri emas deb hisoblayman.

Hamid Sodiq: — Rossiya bilan turli xil munosabatlarda xalqaro huquq doirasida fikrlash unchalik to‘g‘ri emas, menimcha. O‘zbekistonda mana shunday muhit vujudga kelishiga sabab rossiyalik tarixchilar, OAV, rasmiy siyosatchilar tomonidan O‘zbekistonga qarata aytilgan gaplarga beparvolik bilan bildirilgan rasmiy fikrlar bo‘ldi. Ular o‘ylaydiki, O‘zbekistonda ham 2022 yil fevralidagi Ukrainadagi holatdagidek holat. O‘zbekiston xalqida vatanparvarlik ruhi, O‘zbekiston milliy manfaatlarini anglash, suverenitetini hurmat qilish ular o‘ylagandan ancha yuqori. Jamiyatda hukumatga nisbatan maishiy, ba’zi siyosiy masalalarda e’tiroz bo‘lishi mumkin, lekin jamiyatimiz suverenitet masalasida jiddiy yakdillikka ega.