Meduza nashri bu boradagi eng asosiy savollarga javob izladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondonini almashtirdi. O‘zi bilan uzoq mojaroga ega bo‘lgan Valeriy Zalujniy o‘rniga quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy tayinlandi.

Bunday almashtirishni Zelenskiy komandasi armiyani tezkor qayta tuzish zarurati bilan asoslagan. Lekin bu holatda qurolli kuchlarni isloh qilish va urush olib borish borasida Zalujniy va Sirskiy o‘rtasidagi farq tushunarsiz: har ikkisi so‘nggi yildagi kam sonli chiqishlarida deyarli bir xil gaplarni aytishgan. Ularni farqlovchi yagona narsa (Zelenskiyga ko‘ra) siyosiy hokimiyatga munosabati: Zalujniy «hammasini o‘zicha qilgan», Sirskiy esa — sadoqatli va buyruqlarni ijro qiladigan qo‘mondon.

Biroq ularning qo‘shinlardagi (ehtimol, jamiyatdagi) nufuzi tamomila qarama-qarshi. Zalujniyga «barcha yaxshiliklar» yopishtiriladi: taktik egiluvchanlik, askarlar hayoti va farovonligi haqida qayg‘urish, yo‘qotishlarni minimallashtirish, siyosiy emas, harbiy afzallikni tanlash. Sirskiyning chekiga esa (adolatli ekanligi fakt emas, albatta) tarixan «barcha yomon narsalar» tushgan: 2015 yildan buyon ko‘pchilik uni siyosiy rahbariyat buyruqlarini so‘zsiz bajaruvchi «qassob» deb ataydi.

«Yaxshi»ni «yomon»ga to‘g‘ridan to‘g‘ri almashtirish Zelenskiy uchun siyosiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin. Boz ustiga, Sirskiyning qarindoshlari Rossiyada yashaydi va Rossiya propagandasi bu faktdan o‘zi istaganicha foydalanmoqda.

Zalujniy va Sirskiy urushning dastlabki ikki yilida qanday muvaffaqiyat va xatolarga duchor bo‘lishdi?

Valeriy Zalujniy Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli urushda Ukraina armiyasi muvaffaqiyati ramziga aylandi. U urushning ilk kunlaridanoq Ukraina QKga rahbarlik qildi, uning qo‘l ostida «mo‘jiza» ro‘y berdi: 2022 yilda armiya nafaqat parokanda bo‘lishdan saqlab qolindi, hujumdan so‘ng egallab olingan katta yerlarni ham qaytarib ololdi.

Biroq uning rahbarligi ostida Ukraina QK mamlakat janubini qo‘ldan boy berdi — urushning birinchi kunlarida u yerdagi qarshilik sindirildi, qo‘shin jangovarlikdan mosuvo bo‘ldi, bir qismi esa Mariupolda qamalga tushib qoldi. Ukraina prokuraturasi bu epizod ustidan surishtiruv olib bormoqda, biroq (qo‘shinlar tayyorgarligi va harakati uchun mas’ul bo‘lgan) Zalujniyga qarshi haligacha ayblov ilgari surilmagan.