15 fevral kuni qamoqxonada vafot etgan Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning turmush o‘rtog‘i Yuliya Navalnaya erining ishini davom ettirishini aytib, ta’sirli videomurojaat yo‘lladi.

Salom, men Yuliya Navalnaya. Bugun bu kanal orqali ilk marta sizga murojaat qilmoqchiman. Aslida bu yerda bo‘lmasligim, bu videoni yozmasligim kerak edi. O‘rnimda boshqa inson bo‘lishi kerak edi, ammo uni Vladimir Putin o‘ldirdi. Uch kun avval Vladimir Putin erim Aleksey Navalniyni o‘ldirdi. U nafaqat bolalarimning otasini, hayotimdagi eng qadrdon insonimni o‘ldirdi, balki sizdan ham Navalniyni tortib oldi.

Putin uzoq shimoldagi koloniyada shunchaki oddiy inson Aleksey Navalniyni o‘ldirmadi, bu orqali bizning umidlarimiz, erkinligimiz va kelajagimizni o‘ldirishga urindi. Yo‘q qilishga urinishlari Rossiya boshqacha bo‘la olishi, biz kuchli ekanimiz, kurasha olishimiz, boshqacha yashay olish imkoni borligidan dalolatdir.

Shuncha yil davomida men Alekseyning yonida turdim: saylovlar, mitinglar, uy qamoqlari, tintuvlar, qo‘lga olishlar, qamoq, zaharlash, yana miting, qo‘lga olish va yana qamoq... Mana bu bizning eng oxirgi uchrashuvimiz, 2022 yil fevral o‘rtalari. Ikki yil o‘tib Putin uni o‘ldirdi.

Alekseyning yonida turish baxt edi. Ammo bugun sizning yoningizda bo‘lishni istayman, chunki sizning yo‘qotishingiz ham menikidan kam emasligiga aminman. Aleksey koloniyada uch yillik qiynoqlar oqibatida o‘ldi. U boshqalar kabi shunchaki o‘tirgani yo‘q. Uni qiynashdi, karserda ushlashdi, betonli qutiga qamashdi. Shunchaki tasavvur qiling: 6-7 kvadrat joyda taburetka, rakovina, poldagi hojatxona o‘rnidagi teshik va yotish imkonsiz bo‘lishi uchun devorga yopishtirilgan karavot, krujka, kitob va tish cho‘tkasidan boshqa hech narsa yo‘q. U yuzlab kunlarni shunday sharoitda o‘tkazdi.

Uni masxara qilishdi, dunyodan uzib qo‘yishdi, hatto farzandlariga xat yozishi uchun qog‘oz-qalam ham berishmadi. Uni ochlik bilan ezishdi. Uch yil ochlikda. Ammo u taslim bo‘lmadi. Qaytanga o‘sha yerda turib ham bizni qo‘llab-quvvatladi, hazillashdi, ruhlantirdi, kurashdi. Biz lahza ham nima uchun kurashayotgani, nega azob chekayotganini unutmadi. Erimni sindirib bo‘lmasdi, shuning uchun Putin uni o‘ldirdi. Qo‘rqoqlarcha, hatto bir marta ko‘ziga tik qaray olmay, hatto ismini tilga ololmay. Va yana shunday qo‘rqoqlik bilan hozir uning jasadini yashirishmoqda. Putinning navbatdagi «Novichok» izlari tanasidan chiqib ketishini kutishmoqda.

Putin Alekseyni nega o‘ldirganini bilamiz, bu haqda tez orada aytamiz. Va bu jinoyatni kim amalga oshirganini ham albatta aniqlaymiz. Ularning ismini aytib, suratini ham ko‘rsatamiz.

Ammo Aleksey uchun qilishimiz kerak bo‘lgan eng asosiy ish kurashdan to‘xtamaslikdir. Avvalgidan ham qattiqroq va kuchliroq kurashish. Bir qarashda ortiq kurashib bo‘lmaydigandek ko‘rinishi mumkin, lekin biz birlashib, bir musht bo‘lib, Putinga, uning do‘stlariga, pogonli banditlar, o‘g‘rilar va qotillarga zarba berishimiz kerak.