O‘zbekiston | 10:28 / 21.02.2024
2487
3 daqiqa o‘qiladi

Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi ishtirokchilarini tanlab olish tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Prezidentning «Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturini realizatsiya qilish nazarda tutilgan.

Biznesni rivojlantirish banki dasturni samarali amalga oshirish va doimiy ravishda takomillashtirib borish bo‘yicha asosiy tayanch bank etib belgilandi.

Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda quyidagilar belgilangan:

  • dastur ishtirokchilarini tanlab olish tartibi;
  • «Kichik biznesga ko‘maklashish markazlari» tomonidan ro‘yxatdan o‘tish jarayonini tashkil etish;
  • moliyaviy vositalardan foydalanish yo‘nalishi va tartibi;
  • tadbirkorlarga konsultativ xizmatlar ko‘rsatish tartibi.

 Quyidagilar «Kichik biznesga ko‘maklashish markazlari»ga onlayn ariza yuborish orqali dasturda ishtirok etishga haqli:

faoliyatini kamida bir yildan buyon amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, hunarmandlar, kasanachilar, nodavlat ta’lim tashkilotlari hamda uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan ta’minlagan kichik biznes sub’yektlari;
oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida o‘z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirgan hamda ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar.
 
Markazlar tomonidan tanlab olingan tashabbuskorlar qisqa va o‘rta muddatli amaliy o‘quv kurslarda biznes ko‘nikmalarni shakllantirish yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitiladi. Kurslarni tugatgandan va sertifikat olgandan keyin ular dastur doirasida qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanadi.

Dasturda ishtirok etayotgan kichik biznes sub’yektlarini moliyaviy va konsultativ qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlar belgilandi:

  • tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yoki kengaytirish uchun 7 yil muddatga 1,5 mlrd so‘mgacha miqdorda imtiyozli kreditlar olish;
  • qiymati 1,5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalarni 7 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan qarzga o‘tkazish;
  • bo‘sh turgan davlat obektlari va yer maydonlari, asbob-uskunalar, bino va inshootlar hamda boshqa turdagi moddiy boyliklar shaklida ulush kiritish;
  • litsenziyalar, ruxsatnomalar va sertifikatlar, bojxona va soliq ma’muriyatchiligi, eskport-import operatsiyalari va shartnomalarni rasmiylashtirish bo‘yicha ma’lumot va maslahatlar olish.

Mavzuga oid