«Dunyo» xabariga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida ikki davlat o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, jumladan, Eronda O‘zbekiston kunlarini o‘tkazish, mamlakatlar kino ijodkorlari hamkorligida Alisher Navoiy va Abu Ali ibn Sino merosiga bag‘ishlangan filmlarni suratga olish masalalari muhokama qilindi.
Eron madaniyat va islomiy hidoyat vaziri so‘nggi yillarda prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Muhammad Mahdi Esmoiliy davlatlar yetakchilarining o‘zaro tashriflari ikki tomonlama munosabatlarni turli yo‘nalishlarda, xususan madaniy sohada rivojlantirishda muhim qadam bo‘lganini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada jadallashtirish maqsadida o‘zaro muloqotlarni davom ettirish to‘g‘risida kelishib olindi.
















