Jahon | 11:00 / 23.02.2024
8839
4 daqiqa o‘qiladi

Knesset Falastin davlatini tan olishga qarshi chiqdi

Isroil parlamenti hukumatning avvalroq qabul qilingan «Falastinliklar bilan tinchlik diktati»ni rad etuvchi deklaratsiyasini ko‘pchilik ovoz bilan qo‘llab-quvvatladi.

Foto: Picture Alliance

Isroil parlamenti ko‘pchilik ovoz bilan mustaqil Falastin davlatining «bir tomonlama tan olinishi»ga qarshi ovoz berdi. 21 fevral kuni Knessetning 120 nafar a’zosidan 99 nafari avvalroq bosh vazir Benyamin Netanyahu taqdim etgan hukumat bayonotini qo‘llab-quvvatladi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, Isroil «Falastin davlatini bir tomonlama tan olishga qarshi chiqishda davom etadi». Shunday qilib, isroillik parlamentariylar turli davlatlar va xalqaro tashkilotlarning Yaqin Sharq mojarosini Falastin davlatini barpo etish orqali hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni yangilash to‘g‘risidagi tobora kuchayib borayotgan chaqiriqlariga javob qaytardi. Netanyahu xalqaro hamjamiyatga «kuchli xabar» yuborgan Knessetdagi «inqilobiy ovoz berish» haqida gapirdi. Bu isroilliklarning «jamoaviy qat’iyati»ni ta’kidlaydi, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Isroil hukumati deklaratsiyasi 

Avvalroq Isroil hukumati bir ovozdan deklaratsiyani qabul qilib, unda xalqaro hamjamiyatning Falastin-Isroil mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish va Falastin davlatini bir tomonlama tan olish talablarini rad etgan edi. Hujjatda ta’kidlanishicha, tinchlik hech qanday shartlarsiz ikki tomon o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar natijasidagina mumkin bo‘ladi. «Falastin davlatining 7 oktyabrdagi voqealardan keyin bir tomonlama tan olinishi misli ko‘rilmagan terror uchun katta to‘lov bo‘ladi va kelajakda tinchlik o‘rnatishning oldini oladi», deyiladi ma’lumotda.

Isroil 1967 yilda G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusni bosib oldi. Falastinliklar bu hududlarda poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil davlat tuzishni talab qilmoqda. 2012 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Falastinga kuzatuvchi davlat maqomini berdi. BMTga a’zo 193 davlatdan 139 tasi Falastin hududlarini mustaqil davlat sifatida tan olgan. Ular orasida AQSh yo‘q; u doimo Isroil bilan tinchlik muzokaralarining bir qismi sifatida Falastin davlatini yaratish kelishib olinishi kerakligini ta’kidlab kelgan. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 29 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid