
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Toshkent amaliy fanlar universiteti Pedagogika fakulteti Boshlang‘ich ta’lim nazariyasi va metodikasi kafedrasi hamkorligida “Ma’rifatparvar ajdodlarimiz merosi – milliy ta’lim-tarbiya asosi” mavzusida respublika anjumani bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada jadidlar hayoti va faoliyatini o‘rganish yosh avlod tarbiyasida muhim ekanligi, sohaga qiziquvchi talabalarni ilmiy-innovatsion faoliyatga tizimli jalb etish masalalari muhokama etildi.


Bugun asrlar osha O‘zbekiston va Turkiston ziyolilari tomonidan yaratilgan ilmiy va ma’rifiy merosni yodga olish va uni qayta baholanmoqda. Konferensiya davomida jadidlar hayoti, ishlari va ularning zamondosh jamiyatga qo‘shgan hissalari keng ko‘lamda muhokama qilindi. Jadidlar o‘z faoliyatlari orqali milliy madaniyat, adabiyot, ta’lim va jamiyat rivojiga katta hissa qo‘shishgan. Xususan, Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan so‘zlari naqadar haqiqat ekanligini bugun zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda.


“Davlatimiz rahbari 2023 yilning 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’naviyat sohasidagi eng dolzarb va ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Mazkur yig‘ilishda “Milliy vaksina”, “Ma’naviyat sektori” kabi tushunchalar bilan birga yoshlar ma’naviy-axloqiy tarbiyasini yuksaltirish, ular qalbi va ongida ezgu g‘oyalarni shakllantirish bo‘yicha ko‘plab tashabbuslarni ilgari surdilar. Bu borada jadid bobolarimizning merosi, hayotiy g‘oyalari muhim dasturilamal bo‘lishi shubhasiz”, - dedi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti direktorining o‘rinbosari Muhammadjon Quronov.



















