Oxirgi vaqtlarda Yevropaning ko‘plab davlatlarida mintaqadagi asosiy oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar bo‘lmish fermerlar o‘z hukumatlariga keskin e’tirozlarini bildirib kelmoqda. 26 fevral kuni Belgiya poytaxti Bryusselda joylashgan Yevropa Ittifoqi binosi yaqinida yirik agronamoyish bo‘lib o‘tdi.

900 ta traktor bilan «qurollangan» fermerlari Bryusseldagi Yevropa kvartalini to‘sib qo‘yishdi. Ular namoyish uchun ittifoqqa a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuv vaqtini tanladi.

Foto: AP

Oxirgi vaqtlarda bunday namoyishlar butun Yevropa bo‘ylab o‘tkazilmoqda. Xo‘sh, yevropalik fermerlar nimadan norozi bo‘lmoqda?

Yevropa dehqonlari qishloq xo‘jaligi sektori uchun beriladigan subsidiyalar bekor qilinishiga keskin qarshi. Fermerlarning aytishicha, ularning daromadlari inflatsiya va boshqa sektordagilar daromadlariga mutanosib tarzda o‘smayapti.

Yevropa davlatlari fermerlarga uzoq yillar davomida juda ko‘p qulaylik, imtiyozlar taqdim etib keldi. Masalan, ularga dizel yonilg‘isi uchun subsidiya beriladi, har bir gektar yer uchun qo‘shimcha pul taqdim etiladi va yana ko‘plab chegirmalar beriladi.

Foto: Reuters

Ukrainadagi urush sabab mudofaa xarajatlarini keskin oshirgan Yevropa hukumatlari esa nima qilib bo‘lsa ham budjet pullarini tejash payida. Masalan, bu imtiyozlar bekor qilinishi Germaniya budjetining o‘ziga yiliga 480 million yevro tejash imkonini beradi.

Bryusseldagi namoyishlarda asosan Belgiya, Fransiya va Germaniyadan kelgan fermerlar qatnashdi. 900 ta traktor bilan «qurollangan» fermerlar erkin savdo bo‘yicha kelishuvni bekor etishni talab qilmoqda. Shuningdek, ular byurokratik to‘siqlar ko‘pligidan ham norozi. «Fermer daladan ko‘ra kompyuter oldida ko‘proq vaqt o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda», degan namoyishchilardan biri.

Bryusseldagi namoyishlarga yetib kelgan italiyalik fermerlar sariq jiket va soyabonda marsh o‘tkazishdi