Iqboljon Sobirov – “Oksford” universiteti ilmiy izlanuvchisi. Bakalavrni Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida, biznes axborot texnologiyalari tizimlari yo‘nalishida o‘qigan. Magistraturani esa 100 foiz grant bilan Abu Dabidagi Muhammad bin Zayid universitetida kompyuter ko‘rishi – sun’iy intellektning bir yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. 2022 yil yozida Oksford universitetiga ilmiy ish bo‘yicha yozgi amaliyotga borib, kardiologiya bo‘yicha ishlaydigan jamoa bilan ilmiy ish qilgan. Undan keyin Abu Dabiga qaytib, magistraturani tugatib, Oksfordda doktoranturani boshladi.
“Kardiologiya bo‘yicha sun’iy intelellektdan foydalangan holda ilmiy ishlar qilyapman”
“Oksford qayerdan stipendiya olayotganingiz, kim pul berayotganiga qaraydi. Yiliga doktorantlarga 16 ming funt sterlingdan 20 minggacha stipendiya beradi.
Menga universitetning o‘qish pullari kardiologiya bo‘limidan, stipendiyam esa kompaniya tomonidan beriladi. Hozir industrial doktorantura qilyapman, ya’ni hozir qilayotgan ilmiy ishlarimiz sanoatga o‘tadi va amalda qo‘llanadi. Shuning uchun bir ma’noda kompaniyaga ishlayman deb aytsam ham bo‘ladi va kompaniya oyligi stipendiya sifatida o‘tadi. Bu Caristo Diagnostics degan kompaniya, Oksfordning o‘zida joylashgan, yurak-qon tomir kasalliklari bo‘yicha ishlaydi. Jamoa qilayotgan barcha ilmiy ishlar amalda qo‘llanishi kerak. Bu yerda ko‘p holatlarda ilmiy ishlar ilmiy ish bo‘lib qolib ketgan va hayotga tatbiq qilinmagan. Kompaniyani ochishdan asosiy maqsad ilmiy ishlarning qiymatini ommaga olib chiqish va shifoxonalar bilan ishlagan holda bemorlarning ma’lumotlarini olib, ilmiy ishlarni amalga oshirish bo‘lgan.
Yurak qon-tomir kasalliklari eng ko‘p o‘limga olib boruvchi kasallik hisoblanadi. Covid-19 bo‘lib o‘tdi, bu koronavirusdan ham ko‘proq o‘limga olib boradigan kasallikdir. Bu kasallikni davolashda birinchi o‘rinda tashxis qo‘yiladi, shu kasallik odamda bormi-yo‘qmi, aniqlanadi. Undan keyin u prognoz qilinadi, ya’ni shu kasallik yillar davomida qanday rivojlanishi aniqlanadi hamda uchinchi bosqichda prognozlarga qarab davolash usullari taqdim etiladi.
Bizning hozirgi qilayotgan ishimiz sun’iy intellektdan foydalangan holda yurak-qon tomir kasalliklari bor insonlarga avtomatik tarzda tashxis qo‘yish va 5-8 yil oldindan bu kasallik unda qanchalik rivojlanishi ehtimolini aniqlashga oid. Agar tashxis qo‘yayotgan paytda insonda yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanmagan bo‘lsa, qandaydir rivojlanish potensiali bo‘lsa ham, unda shunday risk borligini dastur aytib bera oladi.















