Rossiyaning Avdiyivkaga yurishi shuni ko‘rsatdiki, RF qurolli kuchlari harbiy harakatlar olib borishdagi yondashuvini o‘zgartira oladi. Rossiya frontning tor uchastkasiga ikkita harbiy okrug (Janubiy va Markaziy)dan iborat yirik guruhni jamladi, janglarda uchta umumqo‘shin armiyalari kuchlari ishtirok etdi. Bu yo‘nalishda katta miqdorda o‘t ochish vositalari ham to‘plangandi — artilleriya brigadalari va dron operatorlari otryadlaridan tortib kuchli aviatsiya guruhigacha.

Aynan kuch va vositalar konsentratsiyasi Avdiyivkadagi amaliyotni RF qurolli kuchlarining o‘tgan yildagi ko‘p sonli yurishlaridan (agar Baxmut uchun janglar hisobga qo‘shilmasa, bu yerda ham «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi hamda RF qurolli kuchlarining unga biriktirilgan qismlari ham yirik kuchlarni bir joyga jamlay olgandi) farq qiladi. Natija ham farq qildi. Agar Rossiyaning boshqa yurishlari eng yaxshi holatda faqat taktik yutuqlar keltirgan bo‘lsa, Avdiyivka atrofida RF qurolli kuchlari butun amaliyotning maqsadlariga deyarli erishdi: mustahkam himoyaga ega shahar egallandi, uning atrofidagi qishloqlar ham va endi ukrain mudofaasi ichkarisidagi pozitsiyalar uchun janglar ketmoqda.

Shu tariqa, rossiyaliklar yurishi Ukraina qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning bu urushda kuchlarni bir joyga jamlash imkonsiz ekani, shunday ekan, «front chizig‘ini yorib o‘tish» ham bo‘lmasligi haqidagi tezisini inkor etdi. Ammo bu shuning uchun ro‘y berdiki, raqib — Ukraina qurolli kuchlari — kurash olib borish vositalari, birinchi navbatda o‘q-dorilar taqchilligini boshdan kechirmoqda.

Bundan tashqari, Rossiya qo‘shini muvaffaqiyatga erishish uchun katta to‘lov qilishiga to‘g‘ri keldi. Hujum qilayotgan guruh texnika va shaxsiy tarkibda katta yo‘qotishlarga uchradi va yo‘qotishlarga uchrashda davom etmoqda (boshqa tomondan, ochiq manbalarga ko‘ra, mudofaalanayotgan Ukraina qurolli kuchlarining yo‘qotishlari ham so‘nggi oylarda oshgan). Bunday to‘lov RF qurolli kuchlari operativ muvaffaqiyatga erisha oladimi, degan savolni ochiq qoldiradi.

Avdiyivka uchun janglar qanday rivojlandi?

2023 yil oktyabrida Rossiya qo‘shini Avdiyivkani shimoldan aylanib o‘tib, shahar ichkarisidagi garnizon, jumladan Ukraina qurolli kuchlarining Avdiyivka kokskimyo zavodidagi asosiy tayanch punktini ta’minotdan uzib qo‘yish uchun behuda urindi. Bu hududda rossiyaliklar Stepove qishlog‘i atrofidagi o‘rmonzor hamda dalalar bo‘ylab yurish qilishiga to‘g‘ri kelgandi. Ochiq maydonlar orqali hujumlar faqatgina texnika va jonli kuchdagi katta yo‘qotishlarga olib keldi — bu qurbonliklar evaziga eng yaxshi holatda haftasiga bir necha yuz metr masofaga ilgarilash kuzatildi.