Ayni paytda 13 ming kmdan ortiq yuqori bosimli quvurlardan iborat gaz transport tizimi va muhandislik inshootlariga xizmat ko‘rsatuvchi “O‘ztransgaz” AJ jamoasida 820 nafar xotin-qizlar ham mehnat qiladi. Ular orasida rahbarlar, muhandis, dispetcher, operator va chilangarlik kabi ayollar uchun murakkab bo‘lgan kasb egalari bor. Maqolada yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar va tajribali xodimalar haqida so‘z yuritamiz.

Foto: O‘ztransgaz

Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi nazorat o‘lchov asboblari va avtomatika bo‘limi xodimi Irina Fattaxova ulardan biri. Gazli shahrida tug‘ilgan Irinaga gazchilik ota kasb. Tizimda ishlovchi xodimlar turli millat vakillari ekani ham e’tiborli jihat. Tatar qizi Irina bugun baynalminal jamoada turli millat vakillari bilan ahillikda ishlamoqda.

Irina Fattaxova

Tajribali mutaxassis I.Fattaxova avval "Gazlitransgazqazibchiqarish" boshqarmasida muhandis bo‘lib ish boshlagan bo‘lsa, keyingi 10 yildan ortiq hayoti Gazli MGQB bilan chambarchas bog‘liq. Bugun 5-"B" gaz siquv kompressor stansiyasi muhandisini mehnat jamoasidagilar hurmat qiladi. Magistral gaz quvurlari tarmog‘ida bunday ayollar oz emas. Yurtimizda xotin-qizlarga e’tibor ortib, masalaga davlat siyosati darajasida qaralayotgan keyingi paytlarda “O‘ztransgaz” AJda ham bu boradagi ishlar yangi bosqichda olib borilyapti. Xususan, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, tibbiy ko‘rik va sport musobaqalari shular jumlasidan. Ayniqsa, Jamiyat rahbarining tizimdagi xotin-qizlar bilan uchrashib mavjud holatni bevosita ayollarning o‘zlaridan eshitish tartibi yo‘lga qo‘yilgani e’tiborli. Bunday samimiy suhbatlarda yangi tashabbuslar, g‘oyalar ilgari surilmoqda. Mavjud muammolarni yechish, sharoitlarni yanada yaxshilash maqsadida sa’y-harakatlar amalga oshirilyapti.

Rais bilan uchrashuv

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz ayollarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, barcha sohada gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquqiy himoyalanishi hamda ijtimoiy muhofazasi masalasida qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida tarmoq ayollarining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, muammolarini hal qilish, rag‘batlantirish, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlariga aloqador masalalarni tahlil qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasidagi ishlarni yanada jonlantirish uchun Boshqaruv raisining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy qilindi. Bu yangilik – yo‘nalishda yangi sahifa ochdi va tadbirlar qamrovini kengaytirishga imkon beradi. Bugun Zomin tumanida “O‘ztransgaz ayollari, birlashaylik!” mavzusida o‘tkazilgan 4-forumda bu haqida ishtirokchilarga ma’lumot berildi.