Tor va serqatnov dengizda aloqa simlarining uzilishi turli sabablar tufayli avval ham ko‘p marta ro‘y bergan. Yaqin Sharqdagi hozirgi vaziyat fonida bu safargi voqea shov-shuvga sabab bo‘lyapti, deydi siyosiy tahlilchi Farhod Karimov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yamandagi isyonchilarda bu kabellarning joylashuvi haqida ma’lumotlar va dengiz ostiga tushib ularni uzish uchun imkoniyatlar bor bo‘lishi ehtimoli kam.

Bugungi kunda global internet va aloqa tizimlarining asosiy qismi dengizosti kabel tarmoqlari orqali ta’minlanadi. So‘nggi vaqtlarda suvosti kabellar tarmog‘ining muhim bo‘g‘inlaridan biri – Qizil dengizda aloqa infratuzilmasiga zarar yetgani dunyo bo‘ylab ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Sababi hodisa asoratlari nafaqat mintaqaviy miqyosda, balki jahon bo‘yicha sezildi: ayrim global tarmoqlar ishida vaqtincha uzilish kuzatildi.

Kun.uz muxbiri bu boradagi savollarga javob olish uchun “Geosiyosat” dasturiga Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Farhod Karimovni taklif etdi.

— Qizil dengizda aloqa kabelining uzilishi qaysi davlatlararo savdo va kommunikatsiyalarni eng ko‘p ta’sirlantirdi?

— Bu hududdan o‘tuvchi aloqa infrastrukturasi Osiyo va Yevropani bog‘lovchi bo‘lib xizmat qiladi. Yevropa va Osiyo internet aloqalari, texnik aloqalarning 90 foizi shu yerdan o‘tadi, shu sabab foydalanuvchilarning barchasi zarar ko‘rishi mumkin.

Bu aloqa kabellari bu darajada muhim bo‘lsa-da, himoya qilish darajasi u qadar yuqori emas. Bunday uzilishlar tarixda ham ko‘p bo‘lgan. Bu safar muhim bo‘lgan 15 ta kabeldan 4 tasi (Osiyo va Afrika o‘rtasidagi) uzilgan, natijada 25 foiz aloqa yo‘qoldi deyildi.

2013 yilda Qizil dengizdan Misr orqali o‘tib O‘rtayer dengiziga o‘tadigan joyda ham kabel uzilishlari bo‘lgan, bunga kemalar qatnovi, ularning langar tashlashi va texnik nosozliklar sabab bo‘lgan. Mana shunday holatlarda aloqalar uzilib qolmasligi uchun alternativ zaxira kabellari ham bor. 2013 yildan 2023 yilgacha 100 dan ortiq bunday texnik nosozliklar, uzilishlar bo‘lgan. Bugungi Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida mazkur holat boshqacha tahlil etilyapti, aslini olganda, tarixda bunday holatlar ko‘p bo‘lgan.

Bu kabellardan asosiy foydalanuvchilar – Hindiston, Hongkong, Fors ko‘rfazi arab davlatlari, Iroq, Eron kabi davlatlar. Ayni shu kabellar aloqa vositalarini butun dunyo bilan bog‘laydi. Eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlar – Iroq, Eron, Hindiston, Hongkong. Bundan tashqari, Afrikaning ham bir qancha davlatlari zarar ko‘rdi, masalan, Jibutida internet o‘chib qolgan, 90 foiz aloqa vositalari tarmoqdan uzilgan.