Stoltenberg: Ukraina o‘zini himoya qilish huquqiga ega
NATO davlatlari Ukrainaga o‘zini himoya qilish huquqida yordam berishga haqli, dedi alyans bosh kotibi Stoltenberg. Germaniya mudofaa vazirligi rahbari va kansleri qanotli raketalar yetkazib berilishiga shubha bilan qaramoqda.
Ukrainaga Germaniyaning TAURUS qanotli raketalarini yetkazib berish ehtimoli haqidagi munozaralar fonida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukrainaning o‘zini o‘zi himoya qilish huquqi haqida ma’lum qildi. «Biz nima bo‘layotganini yodda tutishimiz kerak: bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Ukraina BMT Nizomida mustahkamlangan o‘zini himoya qilish huquqiga ega», dedi u 11 mart, dushanba kuni Bryusselda Shvetsiyani Shimoliy Atlantika ittifoqiga qabul qilish marosimida.
Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, gap NATO davlatlarining Ukrainaga o‘zini himoya qilish huquqida yordam berishi haqida ham ketmoqda.
Shu bilan birga alyans bosh kotibi Kiyevga harbiy yordamni davom ettirishga chaqirdi. Bu Rossiya prezidenti Vladimir Putinga jang maydonida o‘z maqsadlariga erisha olmasligini tushuntirishning yagona yo‘li, dedi Stoltenberg Deutschlandfunk radiosiga bergan intervyusida.
Stoltenberg bir nechta ittifoqchilar allaqachon Ukrainani uzoq masofali qurol tizimlari bilan ta’minlayotganini olqishladi. Misol tariqasida u Britaniya va Fransiya tomonidan Storm Shadow hamda Scalp qanotli raketalarining yetkazib berilishini keltirdi.
Pistorius va Shols qanotli raketalarni doiraviy yetkazib berishga qarshi
Ayni paytda, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius yaqinda Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron istisno etmagan holat - Germaniya, Britaniya va Ukraina o‘rtasida qanotli raketalarni doiraviy shaklda yetkazib berish imkoniyatiga shubha bilan qaradi. Bu to‘g‘ri yechimmi, degan savolga Pistorius bunday deb o‘ylamasligini aytdi. U Kemeron bu taklifni o‘zi ilgari surmaganiga, faqat jurnalistning London hukumati barcha variantlarni o‘rganayotgani haqidagi savoliga javob berganiga e’tibor qaratdi.
Germaniya kansleri Olaf Shols ham bunday doiraviy yetkazib berish imkoniyatini tanqid qilmoqda, deya xabar beradi Reuters. Germaniya hukumati matbuot kotibi Shteffen Xebeshtrayt so‘zlariga ko‘ra, Germaniyaning Ukrainaga qanotli raketalarini yetkazib berishni doimiy ravishda rad etib kelayotgan hukumat rahbari pozitsiyasi o‘zgarmagan. Keyinchalik, kechki matbuot anjumanida Sholsning o‘zi bu masalaga salbiy munosabatini yana bir bor tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, TAURUS harakatlanishi va undan foydalanish usulini hisobga olgan holda, «nazoratsiz ishlatish mumkin emas», nemis askarlarining ishtiroki esa «hatto Ukrainadan tashqarida ham» qabul qilinishi mumkin emas.
Shu bilan birga, Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok britaniyalik hamkasbining London bilan doiraviy almashinuv orqali Ukrainani qo‘shimcha qanotli raketalar bilan ta’minlash taklifiga ochiq ekanini aytdi. «Bu variant bo‘lishi mumkin», dedi u ARD telekanalida Germaniya TAURUS raketalarini Britaniyaga topshirishi mumkinligi haqidagi g‘oyani izohlar ekan. Britaniya esa, o‘z navbatida, Ukrainaga uzoq masofali Storm Shadow raketalarining yangi partiyasini yetkazib beradi. Kansler Sholsdan farqli o‘laroq, Berbok shuningdek, TAURUS’ni Kiyevga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Mavzuga oid
21:13 / 12.11.2024
Sudjaliklar yana bir bor o‘z yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak so‘radi
20:43 / 12.11.2024
NATO bosh kotibi Ukrainadagi mojaro «trayektoriyasini» o‘zgartirishga chaqirdi
14:56 / 12.11.2024
Makron va Starmer Tramp g‘alabasidan keyin ham Ukrainani qo‘llashda «sobit» bo‘lishga va’da berishdi
11:51 / 12.11.2024