Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov diversiya guruhlari Rossiyaning ikki chegaradosh hududi bo‘lmish Kursk va Belgorod oblastlarini «faol harbiy harakatlar hududi»ga aylantirgani haqida xabar berdi. Rossiya hukumati chegarani buzib o‘tishga urinishlar bartaraf etilganini xabar qilmoqda.

Yusov ukrain televideniyesi efirida «RFning Putin rejimiga qarshi kurashda o‘z fuqarolik huquqlarini qo‘lda qurol bilan himoya qilishdan boshqa varianti qolmagan fuqarolari» Rossiya regionlariga bostirib kirayotganini ma’lum qildi.

«Kursk va Belgorod oblastlari — hozirda faol harbiy harakatlar hududi hisoblanadi. Biz buni tasdiqlashimiz mumkin», — degan razvedka vakili «Inter» telekanalida.

Payshanba kuni davomida Belgorod shahri ham uch bor o‘qqa tutildi, buning natijasida kamida ikki kishi halok bo‘lib, o‘ndan ortiq kishi jarohatlangan.

Bundan avvalroq Ukraina hududida Rossiya fuqarolaridan tuzilgan uchta qurollangan guruh: «Rossiyaga ozodlik» legioni va «Rossiya ko‘ngillilar korpusi», shuningdek «Sibir batalyoni» chegaradagi oblastlarga bostirib kirish rejasi haqida e’lon qilgandi.

12 mart kuni Rossiya mudofaa vazirligi Rossiya bo‘linmalari Belgorod oblastining Spodaryushino qishlog‘i hududida Ukraina qurolli kuchlarining janglar orqali chegaradan o‘tishga bo‘lgan urinishlarini to‘xtatgani haqida xabar bergandi. Vazirlik janglar oqibatida 195 nafar ukrain harbiy xizmatchisi o‘ldirilib, beshta tank yo‘q qilingani haqida ma’lum qilgan. Bu ma’lumotni mustaqil manbalar orqali tasdiqlash imkoni yo‘q.

12 mart kuni RF mudofaa vazirligi Ukrainadan Rossiya hududiga bostirib kirishga uringan kadr kadrlarini namoyish etgandi

Bundan avvalroq rossiyalik harbiy muxbirlar ham Belgorod va Kursk oblastlarining chegara hududlarida «ukrain diversantlari» bilan janglar haqida xabar qilgandi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, hujum qilganlar orasidagi qurbonlar soni ancha kam.

Rossiyadagi Z-kanallar 14 mart kuni kechqurun Kozinka qishlog‘i hududida Rossiya-Ukraina chegarasini buzib o‘tishga harakat qilinayotgani, u yerga vertolyot orqali desant tushirilgani hamda og‘ir janglar ketayotganini xabar qilgan. Lekin bu bayonotni tasdiqlovchi hech qanday videoyozuv keltirilmagan.

Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov payshanba kuni kechqurun Grayvoron shahar okrugiga, jumladan Kozinka qishlog‘iga tashrif buyurdi.