O‘zbekiston | 11:17 / 16.03.2024
2056
3 daqiqa o‘qiladi

O‘simliklarni himoya qilishda biologik kurash tadbirlari kengaytiriladi

“O‘simliklarni himoya qilishda biologik kurash tadbirlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Depositphotos

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi 2024 yil yakuniga qadar “Biosifat” respublika markazi laboratoriyasini zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlash hamda akkreditatsiyadan o‘tkazish choralarini ko‘radi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra 2024 yil 1 martdan boshlab:

  • “O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq biolaboratoriyalar tomonidan ko‘paytirilgan biomahsulotlar “Sifat sertifikati” bilan sertifikatlangan holda tarqatiladi;
  • biolaboratoriyalarning faoliyat yuritishi entomafaglar ko‘paytirish uchun talab etiladigan jihozlar va asbob-uskunalarning mavjudligi hamda ish sharoitlari o‘rganilishi natijasida beriladigan “Texnik pasport” asosida tashkil etiladi;
  • biologik usulni qo‘llash ustuvorligi prinsipiga asosan o‘simliklar zararkunandalariga qarshi kurashishda yerdan foydalanuvchilar tomonidan dastavval biologik himoya usuli qo‘llanadi, zararkunandalar iqtisodiy zarar yetkazish mezonidan yuqori bo‘lganda o‘simliklar karantini davlat inspektorlarining tavsiyasiga asosan kimyoviy vositalaridan foydalanishga ruxsat etiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi va viloyatlar O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmalariga tegishli muqaddam biolaboratoriya sifatida foydalanib kelingan binolarni biolaboratoriya faoliyatini yuritish maqsadida davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida qonunchilikda belgilangan tartibda tadbirkorlarga ajratilishini ta’minlaydi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklar bilan birgalikda 2024 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda xorijiy grantlarni jalb etgan holda kamida bittadan zamonaviy ko‘rinishdagi namunali biolaboratoriyalarni yangidan tashkil etilishini ta’minlaydi. Bunda:

  • entomofaglarning yangi turlarini ko‘paytirishni yo‘lga qo‘yish hamda onalik mahsulotlarini yangilab borishni;
  • Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi bilan birgalikda ushbu biolaboratoriyalarda ko‘paytiriladigan entomofaglarni dalaga tarqatishda zamonaviy texnika hamda dronlardan foydalanishni;
  • o‘simlik zararkunandalariga qarshi kurashda qo‘llanadigan foydali nematodalarni ko‘paytirishni, dalaga tarqatishni tashkil qiladi va ko‘maklashadi.

Mavzuga oid