Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy fevral oyi boshida bu lavozimga tayinlanganidan buyon ilk batafsil intervyusini berdi. U boshqa narsalar qatorida ukrainlarning safarbarligi, Avdiyivkadan chekinish, Rossiyaning Xarkivga yurish qilishi ehtimoli hamda oldingi bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniyning iste’fosi bo‘yicha fikrlarini bildirdi.

Aftidan, Oleksandr Sirskiyning Ukrinform» agentligida e’lon qilingan debyut intervyusining asosiy vazifasi mamlakat ichkarisidagi ko‘p millionlik auditoriyani tinchlantirish hisoblanadi.

Bu intervyu Rossiya qo‘shinlarining frontdagi muntazam hujumlari, ularning Xarkivga yurish qilish rejalari haqidagi yangiliklar, safarbarlik kuchaytirilishi haqidagi gaplar va Amerika Kongressi Kiyevga yetarli yordam ajratish uchun ovoz bera olmayotgani fonida berildi.

Bu barcha muammolar fonida Sirskiy muhim messejni yetkazdi: aslida qo‘rqinchli hech narsa bo‘lmayapti, Ukraina mag‘lubiyatdan yiroq — qolaversa, Rossiyani jang maydonida yengish mumkin.

Ukrainlar frontdagi vaziyatdan xavotirdami? Sirskiy shunday javob qildi: «Vaziyat chindan ham og‘ir, ammo frontda bundan boshqacha bo‘lmaydi ham».

Uning so‘nggi vaqtlarda ukrainlar tomonidan qaytarib olingan pozitsiyalar soni boy berilganlaridan oshgani haqdagi so‘zlarini Volodimir Zelenskiy Rossiya qo‘shinining qishki yurishi to‘xtatilgani haqida yaqinda bildirgan bayonoti bilan birgalikda ko‘rib chiqish kerak.

Bundan tashqari, Sirskiy ukrain harbiy qo‘mondonligi maqsadlari qatorida kelgusidagi hujum harakatlari uchun zaxiralarni tayyorlashni ham aytib o‘tgan. Bunda o‘tgan yilgi yurishdan chiqarilgan saboqlar hisobga olinishi ta’kidlangan. «Agar rossiyaliklar Xarkivga hujum qilishga qaror qilsa, bu shahar ular uchun «halokatli» bo‘ladi», degan u.

Ukraina jamoatchiligi yaqin vaqtlar ichida bu haqdagi qonun Oliy radada ko‘rib chiqilgach, yalpi safarbarlik e’lon qilinishidan xavfsiramoqdami? Sirskiy bu o‘rinda ham vaziyatni yumshatgan.

Birinchidan, yarim million emas, ancha kamroq odam frontga yuboriladi. Ikkinchidan, shu javobning o‘zi ukrainlarning safarbarlik borasidagi eng katta qo‘rquvlaridan biriga javob - tayyorgarlik ko‘rmagan yangi chaqirilganlarni hech kim harbiy komissariatdan to‘g‘ri frontga yubormaydi.