Rossiyaning Orenburg viloyati, Orsk shahrida to‘g‘on yorildi. Shahar aholisi evakuatsiya qilinmoqda. 4 mingga yaqin xususiy turar-joy binolari suv bosishi xavfi ostida.
Avvalroq Orskda suv toshqini tufayli favqulodda holat joriy etilgan edi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, qutqaruvchilar to‘g‘onni mustahkamlash ishlarini olib bormoqda.
https://vk.com/video_ext.php?oid=-23482909&id=456258173&hash=9256f2f9bee3eba8
«To‘g‘on yorilishi, birinchi navbatda, Orskning xususiy sektoriga tahdid soladi; 10 ming kishi yashashi mumkin bo‘lgan 4 minggacha uy suv toshqini zonasiga tushishi mumkin. Qutqaruvchilar guruhi kuchaytirildi, ishga og‘ir yuk mashinalari qo‘shildi», deyiladi FVV xabarida.
Orsk ma’muriyati mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da «to‘g‘on buzilishi xavfi tufayli» aholi evakuatsiya qilinishini e’lon qildi. Aholiga hujjatlarni to‘plash va 6 ta vaqtinchalik joylashtirish markaziga ko‘chib o‘tish tavsiya qilindi. «Bu gidrotexnik inshoot emas. To‘g‘on shahar chekkasidagi suv oqimi harakatini tartibga solish uchun mo‘ljallangan edi», deb xabar berdi viloyat ma’muriyati.
Orenburg viloyatida ob-havo isishi tufayli daryolardagi suv sathi keskin ko‘tarilgan. Oqibatda 95 ta aholi punkti hududida 1825 ta turar-joy binosi va 5242 ta tomorqa yerlari suv ostida qolgan. 4 aprelga o‘tar kechasi Ural daryosidagi Iriklinskiy suv omboridan suv oqimi sekundiga 890 dan 1672 kub metrgacha ko‘tarildi. Viloyatda favqulodda holat rejimi joriy etildi.














