Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi 4 gektarlik madaniyat va istirohat boği bir neça yildirki tortişuvlar markaziga aylanib qolgan.
Bunga 21 nafar tadbirkor faoliyat yuritib kelayotgan boğ 2017 yilda tuman hokimining qarori bilan 6 kunlik MÇJga ijaraga berib yuborilgani sabab bölmoqda.
“Kiçik” MÇJga katta sovğa
Istirohat boği Denov tumani hokimining 2017 yil 29 avgustdagi qarori bilan “Afrosiyob milliy boğlari” MÇJga zamonaviy loyiha asosida rekonstruksiya qiliş şarti bilan 49 yil muddatga ijara asosida foydalanişga berilgan.
Hokimning mazkur qaroriga huquqiy asos sifatida Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 29 dekabrdagi “2011-2015 yillarda madaniyat va istirohat boğlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlaş va ularning faoliyatini yanada takomillaştiriş çora-tadbirlari dasturini tasdiqlaş töğrisida”gi qarori (2021 yil 22 fevraldan öz kuçini yöqotgan) keltirilgan. Ammo hokim qarorining Vazirlar Mahkamasi qaroriga zid bölgan örinlari bor.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasi qarorida madaniyat va istirohat boğlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlaş bilan boğliq amaliy işlarni moliyaviy ta’minlaşda tadbirkorlik imkoniyatlaridan keng foydalaniş, bunda boğ hududidagi yerlarni attraksionlar, savdo va umumiy ovqatlaniş şoxobçalari quriş uçun tanlov savdosi asosida (!) tadbirkorlarga ijaraga beriş belgilangan.
Şuningdek, qarorda madaniyat va istirohat boğlari tuman (şahar) hokimliklari muassisligida davlat korxonasi şaklida taşkil etilişi va faoliyat körsatişi qayd etilgan. Ya’ni istirohat boği Denov tuman hokimining qaroriga muvofiq davlat korxonasi şaklida qayta taşkil etilişi va Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan namunaviy tuzilma asosida faoliyat yuritişi kerak edi.
Biroq Denov tumanining öşa paytdagi hokimi B.Mamatqulov davlat röyxatidan ötganiga 6 kun bölgan, ustav kapitalida davlat uluşi bölmagan MÇJga istirohat boğini heç qanday tanlov savdosisiz, 49 yilga “sovğa” qilib yuborgan.



















