Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy o‘z telegram-kanalida katta post e’lon qilib, unda frontdagi vaziyat keskinlashgani va Rossiya qo‘shinining taktik muvaffaqiyatlarga erishayotgani haqida gap borgan. Shu bilan birga, Amerikaning Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) ekspertlari Rossiya qo‘shini yaqin haftalarda, Amerikaning harbiy yordami yetib kelgunicha jiddiy taktik yutuqlarga erishishi mumkinligi, ammo Ukraina mudofaasini sindira olishi dargumon ekani haqida yozishgan.
Sirskiy o‘z postida Ukraina qurolli kuchlari uchun nisbatan eng murakkab vaziyat Donetsk oblastidagi ikki yo‘nalishda yuzaga kelgani haqida aytgan: bular Pokrovsk yo‘nalishi, ya’ni Avdiyivkadan shimoli-g‘arbda joylashgan Ocheretino aholi yashash manzili atrofi, bu yerda Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlari mudofaasini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan; shuningdek, Maryinka yaqinidagi Kuraxovo shahri yo‘nalishi.
«Raqib bu yo‘nalishlarda to‘rttagacha brigadani harakatga keltirib, Avdiyivka va Maryinkadan g‘arbga yurishlarni rivojlantirishga va Pokrovsk va Kuraxovoga yo‘l ochishga harakat qilmoqda, — deya yozgan Sirskiy. — Ukraina mudofaa kuchlari bo‘linmalari mudofaachilar hayoti va salomatligini saqlab qolib, Berdichi, Semenovka va Novomixaylovkadan g‘arbdagi yangi marralarga o‘tishdi».
Berdichi va Semenovka — Ocheretinodan uzoq bo‘lmagan hududlarda joylashgan ikki qishloq. Ukraina qurolli kuchlari ushbu qishloqlardan g‘arbga ketgani haqidagi bayonot shuni anglatadiki, RF armiyasi ushbu hududda yorib o‘tish zonasini kengaytirishga muvaffaq bo‘lgan.

«Umuman olganda, raqib bu yo‘nalishlarda ma’lum taktik yutuqlarga erishdi, ammo operativ ustunlikka erisha olmadi», — deb hisoblaydi Sirskiy.
Yakshanba kuni Rossiya mudofaa vazirligi ham RF armiyasi Ocheretinodan janubi-sharqdagi Novobaxmutovka aholi yashash manzili egallangani haqida xabar bergan. Ukrain harbiylari bu ma’lumotni tasdiqlamagan, ammo Ukraina qurolli kuchlariga yaqin bo‘lgan DeepState proyekti o‘zining yangilab boriladigan xaritasida bu qishloq Rossiya nazoratiga o‘tganini ko‘rsatgan.
Rossiyaning «jiddiy ustunligi»
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni frontdagi umumiy vaziyatni shunday tasvirlagan: «Frontda vaziyat keskinlashdi. Strategik tashabbusni qo‘lga olib, front chizig‘ini yorib o‘tishga uringan dushman asosiy sa’y-harakatlarini bir necha yo‘nalishga jamlab, kuch va vositalarda o‘zi uchun jiddiy ustunlik yaratdi. Butun front chizig‘i bo‘ylab faol hujum qilinmoqda, ayrim yo‘nalishlarda — taktik yutuqlarga erishilgan».

















