Rossiya qo‘shini 10 may kuni Xarkiv oblastining chegaradosh hududlarida hujumga o‘tdi. Juma kuni tongda ikki tomonning harbiylashgan telegram-kanallarida Rossiya qo‘shini Belgorod oblasti tomondan Ukrainaning chegaradagi qishloqlariga kirib kelishga urinayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

«Xarkivga: Rossiya armiyasi chegaradan yurish boshladi», — deb yozgan rossiyalik propaganda resursi Colonelcassad.

«Bugun erta tongda Xarkiv va oblastdagi obektlar bo‘ylab faol raketa-artilleriya va bomba zarbalariga start berildi. Shuningdek, RF qurolli kuchlari quruqlik qismlari Xarkiv oblastining Chuguyiv rayoni Volchansk shahri yo‘nalishida faollashgani haqida xabarlar kelmoqda», — deya yozgan «Voyenniy osvedomitel» harbiylashgan telegram-kanali ham.

Chegaradagi vaziyat keskinlashganini dastlab Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov tasdiqladi: u rossiyaliklar region shimolini o‘qqa tutishni kuchaytirganini va diversiya-razvedka guruhlari chegaradan o‘tish uchun muvaffaqiyatsiz urinishlarni amalga oshirishganini ma’lum qildi.

«Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalarni ishonch bilan ushlab turibdi: bir metr ham boy berilgani yo‘q. Raqib guruhi Xarkiv uchun tahdid solmayapti, uning kuchlari faqat shimoliy yo‘nalishda provokatsiya qilish uchun yetadi», — degan Sinegubov.

Xarkivda xususiy sektor o‘qqa tutilishidan keyin chiqqan yong‘inni o‘chirish uchun kelgan o‘t o‘chiruvchilar navbatdagi zarba xavfi tufayli yerto‘laga yashiringan. 2024 yil 10 may
Viacheslav Mavrychev / Suspilne Ukraine / JSC «UA:PBC» / Global Images Ukraine / Getty Images

Ko‘p o‘tmay Ukraina mudofaa vazirligi ham bayonot berdi. Vazirlik o‘tgan kun mobaynida raqib Volchansk yo‘nalishida boshqariluvchi aviabombalarni qo‘llagan holda zarbalar yo‘llagan, tunda esa mudofaaning oldingi marralarini artilleriyadan o‘qqa tutgan. 

«Ertalabki soat 5 larda raqib zirhli texnikalar orqali bizning mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishga urinishni amalga oshirdi. Ayni vaqtga kelib hujumlar qaytarilgan, ammo turli intensivlikdagi janglar davom etmoqda», — deyiladi xabarda.

Ushbu hududda mudofaani kuchaytirish uchun zaxira bo‘linmalar yo‘naltirilgan.

Xarkiv oblastida «shiddatli jang ketayotgani» haqida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham bayonot berdi. U rossiyaliklarning yurishi artilleriya zarbalari bilan to‘xtatilganini ta’kidladi.