Ko‘pchilik uchun ertalab ishga borish tirbandlikda ancha payt yo‘qotish yoki odam to‘la metrodan amallab joy topib olishni anglatadi. Biroq Yevropada unday emas. Bu yerda vaqt o‘tgani sari ko‘proq odam avtobus, avtomashinalarni velosipedlarga almashtirmoqda.

Velosiped nafaqat sog‘liq uchun foydali, balki havoga zararli chiqindilar chiqaradigan avtomashinalar uchun ajoyib alternativ bo‘la oladi.

Ko‘plab Yevropa davlatlarida velotizim mavjud. Biroq hammasining darajasi bir-biridan farq qiladi.

Niderlandiya

Niderlandiyaliklar kuniga o‘rtacha 2,6 kmni velosipedda bosib o‘tadi. Tadqiqotlardan birida aniqlanishicha, agar butun dunyoda shu ko‘rsatkich bo‘lganda yillik global uglerod chiqindilari 686 million tonnaga qisqargan bo‘lardi.

Niderlandiya hukumati odamlarni velosipedda harakatlanishga rag‘batlantirish dasturlarini ishlab chiqqan.

Bu davlatda 2006 yildan beri korxonalar o‘zlarining velosipedda ishga keladigan xodimlariga bir kilometr uchun 0,19 yevro pul to‘laydi. Hukumat esa biznes egalariga bu to‘lovlar evaziga soliqdan chegirma beradi. Boshida bu imtiyoz faqatgina mashina haydovchilarga yonilg‘ini qoplash uchun ishlatish imkoniyati bilan berilgan bo‘lsa, keyinroq istalgan velohaydovchilar undan foydalana boshladi. Velosiped haydovchilar benzin sotib olib o‘tirishi shart emas. Bu pul ularning cho‘ntagiga qoladi.

Hozir Niderlandiyada 5 kunda o‘rtacha 10 kmni velosipedda bosib o‘tadigan odam bu tizimdan yiliga 450 yevro foyda ko‘radi.

Belgiyada ham velosipedda harakatlanuvchilar uchun xuddi Niderlandiyadagiga o‘xshash tizim ishlaydi. Ular har bir km uchun 0,24 yevro olishlari mumkin.

Fransiyada esa bir km uchun 0,25 yevro atrofida to‘lanadi. Yiliga esa 200 yevrogacha daromad olish mumkin. Mamlakatda velosiped minishni rag‘batlantirishga aloqador bir pilot loyiha sabab unda qatnashgan 18 ta kompaniyaning xodimlari o‘rtasida velosipedda harakatlanish 50 foizga oshgan.