Rossiyada «bugungi kunda» Xarkiv shahrini egallash rejasi yo‘q, deydi ayni vaqtda Xitoyda bo‘lib turgan prezident Vladimir Putin. Aprel oyida u Xarkiv va Belgorod oblastlari chegarasida «sanitar zona» tashkil etish zarurati haqida aytgandi va hozirda u yana shu haqida to‘xtaldi.

Putinning bayonoti Rossiya qo‘shini Xarkiv oblasti shimolida faol harbiy harakatlarga kirishgan chog‘da yangramoqda. U bu yurish harakatlarini Ukraina qurolli kuchlarining zarbalariga javoban chegara hududda sanitar zona tashkil etishga harakat deb atadi.

«Xarkiv yo‘nalishida sodir bo‘layotgan voqealarga kelsak — bu ham ularning aybi, — degan Putin Harbindagi matbuot anjumanida. — Chunki ular, afsuski, chegara hududlarni, jumladan Belgoroddagi turar joy kvartallarini o‘qqa tutishda davom etmoqda. Tinch aholi vakillari halok bo‘lishmoqda».

«Agar bu davom etsa, biz xavfsizlik zonasi tashkil etishga majbur bo‘lamiz, deb ochiq aytgandim. Sanitar zona. Mana buni qilyapmiz. Xarkivga keladigan bo‘lsak, bugungi kunda bunday reja yo‘q», — degan Putin jurnalistning rus qo‘shini Xarkiv oblasti markaziga yurish qilishi ehtimoli haqida.

Rossiya qo‘shini Xarkiv yo‘nalishida har kuni qat’iy reja bo‘yicha ilgarilamoqda, deya qo‘shimcha qilgan u.

Rossiya prezidenti «sanitar zona» tashkil etish rejasi haqida 18 mart kungi matbuot anjumanida ma’lum qilgandi. O‘shanda u Belgorod oblasti xavfsizligini ta’minlash uchun Xarkiv oblastini Rossiyaga qo‘shib olish taklifi yuzasidan munosabat bildirgandi.

«Bugun ro‘y berayotgan fojiali voqealarni inobatga olsak, biz qaysidir nuqtada, agar maqsadga muvofiq deb hisoblasak, bugungi Kiyev rejimiga bo‘ysunuvchi hududlarda ma’lum bir „sanitar zonasi“ni yaratishga majbur bo‘lishimiz mumkin», — degandi Putin.

Istanbul kelishuvlari — muzokaralar jarayoni uchun asos

Rossiya Ukrainadagi inqirozni hal etish doirasida o‘ziga qandaydir ultimatumlar qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaydi, degan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Harbindagi matbuot anjumanida.

U Kiyev bilan tinchlik muzokaralari va iyun oyida Shveytsariyada inqirozni hal qilish bo‘yicha forum haqidagi savolga shunday javob qaytargan.

RF prezidentining fikricha, Rossiyaning o‘zi taklif etilmagan konferensiyadan maqsad Rossiyaga imkon qadar ko‘proq mamlakatlar nomidan ultimatum qo‘yish hisoblanadi.