Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va yangi takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Ta’lim va tibbiyot eng muhim va keng qamrovli ijtimoiy sohalardir. Shu bois islohotlarni jadallashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida bu sohalarda Loyiha ofislari tashkil etildi.
Xususan, davlatimiz rahbarining shu yil 22 yanvardagi qaroriga muvofiq tuzilgan Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi tomonidan birlamchi bo‘g‘in va tez tibbiy yordam tizimini takomillashtirish, davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish, dori-darmonlar xaridini tartibga solish bo‘yicha qator takliflar ishlab chiqilgan.
Taqdimotda ushbu yo‘nalishlar atroflicha tahlil qilindi.

Mamlakatimizda hayot sifatiga bevosita daxldor bu sohaga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi 7 yilda sog‘liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 5,9 trillion so‘mdan 33,5 trillion so‘mga, ya’ni 6 barobar oshirildi. Shifoxonalar zamonaviy jihozlanib, yangilari barpo etilmoqda. Tibbiyotni xalqqa yaqinlashtirish maqsadida joylarda skrining tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, sohada aholi murojaatlarining 30 foizigina birlamchi bo‘g‘inda hal bo‘layapti. Ayrim kasalliklar bo‘yicha davolash uslublari eskirgan. Hamshiralarning ish doirasi keng emas.
Bugungi kunda gipertoniya, yurak ishemik va surunkali o‘pka xastaliklari, bronxial astma, qandli diabet, gepatit kabi eng ko‘p uchraydigan 7 ta kasallik guruhi bo‘yicha davolash standartlari xalqaro talablar asosida yangilandi. Yil yakunigacha yana 300 ta klinik protokollar qayta ko‘rib chiqiladi. Bemorlarga odatiy tekshiruvlarni belgilash, dorisiz davolash kabi vazifalar shifokordan hamshiraga o‘tkaziladi. Poliklinikalarda bemorlar harakati tartibga solinib, shifokorlarga navbat kutish vaqti kamaytiriladi.
Ma’lumki, uch yil avval tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatida tibbiy sug‘urta mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu sohadagi ko‘plab kamchiliklarni ko‘rsatib berdi.
Tibbiyot muassasalari yetarlicha raqamlashtirilmagani sababli sug‘urta tizimi to‘liq ishlamayapti. Shifokorlarning ko‘p vaqti hisobot to‘ldirishga ketyapti.
Shu bois Toshkent shahrida sohani raqamlashtirish bo‘yicha namunaviy tizim yaratish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun barcha muassasalar yangi kompyuter va texnika vositalari bilan jihozlanadi. Yil yakunigacha “Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” tizimlari ishga tushiriladi.

















