Muhim hududlarni nazorat qilolmaydigan rasmiy hokimiyat, vayrona shaharlar, besh milliondan ortiq qochqinlar, diniy bo‘linishlar va maqsadli qurollantirilgan radikalizm. Suriya zamini qanday qilib bu holga kelib qoldi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar Suriyada 2011 yildan beri davom etayotgan fuqarolik urushi haqida so‘z yuritdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Suriyadagi harbiy harakatlarni asosan uchta guruhga bo‘lish mumkin: g‘arb koalitsiyasining IShIDni to‘liq mag‘lub etish harakatlari, Suriya hukumati va isyonchi kuchlar o‘rtasidagi ziddiyatlar hamda turli etnik guruhlar o‘rtasidagi o‘zaro nizolar.

Mamlakat aholisining aksariyatini sunniy musulmonlar tashkil etadi, davlatni idora etuvchi elita esa shialardan iborat. Hududi neftga juda boy Suriya – arab dunyosi, Eron, Isroil, Turkiya, AQSh boshchiligidagi kollektiv g‘arb va Rossiya manfaatlari to‘qnashgan nuqta hisoblanadi.

Arab bahori vaqtidagi namoyishlarni qonli bostirgani ortidan sanksiyalarga uchrab, Arab ligasidan chetlatilgan Suriya o‘tgan yili ligaga qayta qabul qilindi – arab dunyosi Bashar Al-Assad o‘z hokimiyatini bundan keyin ham saqlab qolishini tan oldi. Urush davomida rasmiy Damashqni qulashdan Rossiya qo‘shinlari saqlab qolgan edi.

Suriya fuqarolar urushi qaysi voqealar natijasida boshlandi va asosiy sabablari nima edi?

Farhod Karimov: — Suriya inqirozining boshlanishi 2011 yilga to‘g‘ri keladi. 2010 yilda Tunisda boshlanib, boshqa arab davlatlariga ham yoyilgan Arab bahori Suriyani ham chetlab o‘tmadi. Tinch namoyishlar sekinlik bilan betartiblikka aylandi, buni bostirish uchun Bashar Asad hukumati kuch ishlatdi, to‘qnashuvlar bo‘ldi. 2011 yilda butun Suriyaga yoyildi jarayonlar. 2012 yilda alaviylardan iborat, hukumatga yordam beruvchi “Shabiha” va boshqa qurolli tashkilotlar ko‘chaga chiqqan sunniylarni bostirdi, bir necha ming odam qurbon bo‘ldi. Shundan keyin Suriyada harbiy harakatlar boshlanib, qurolli guruhlar ko‘paydi.

Nega 2011 yilda bu namoyishlar bo‘ldi, Arab bahori aynan Suriyada qattiqroq o‘tdi? 2006-2007 yillarda butun arab davlatlaridagi kabi Suriyada ham qurg‘oqchilik bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligining YaIMdagi o‘rni katta edi, aholining asosiy mashg‘uloti edi. Qurg‘oqchilik natijasida qishloqlarda hayot to‘xtab qoladi, 1,5 mln atrofida aholi shahar va uning atroflariga joylashadi. Shaharlarda ziddiyatlar boshlanadi, hukumatga norozilik kuchayadi. Parallel ravishda Iroqda kollektiv g‘arb tomonidan harbiy operatsiyalar o‘tkazilayotgan edi, ko‘proq iroqliklar Suriyaga qochib o‘tadi. Ishsizlik, betartibliklar ortib ketadi. Hukumatga bo‘lgan norozilik radikallashuvga ham sabab bo‘ladi, bunga diniy motiv beriladi. Shunday bir holat bo‘lib turganda, qo‘shni mamlakatlarda boshlangan Arab bahori beqarorlikni avj oldirib yubordi.