«Samarqand bilan birodar shahar aloqalarini o‘rnatish niyatimiz bor» - Alanya hokimi
Asialuxe Travel turoperator bilan hamkorlikdagi loyiha doirasida Turkiyada safarda bo‘lib turgan Kun.uz muxbiri Alanya shahar hokimi Osman Tarik O‘zchelik bilan uchrashdi. Hokim O‘zbekistonning turizm shaharlari bilan yaqin aloqalar o‘rnatish maqsadi borligini va bu ikki tomonlama manfaatli bo‘lishini bildirdi.
O‘zining tarixiy qal’alari va go‘zal tabiati bilan mashhur bo‘lgan Alanya shahri turizm sohasida katta imkoniyatlarga ega. Asialuxe Travel turoperatori ko‘magida Turkiyada bo‘lib turgan Kun.uz muxbiri shahar hokimi Osman Tarik O‘zchelik bilan suhbatlashdi.
“Turizm Alanyaning asosiy yo‘nalishi hisoblanadi. Dengiz bo‘yida joylashgan shahrimiz turizm sohasida katta imkoniyatlarga ega.
Bugungi kunda Alanyada asosan sayohat turizmi rivojlangan. Bu, albatta, ma’lum bir mavsumni, issiq kunlarni o‘z ichiga oladi. Endilikda biz qish kunlarida ham turistlarni jalb qilish maqsadida turizmning yangi yo‘nalishlari ustida ishlayapmiz. Masalan, qish oylarida bir nechta sport turlari bo‘yicha katta musobaqalar mezbonligini qabul qilish va bu orqali hududimizga turistlar oqimini yanada ko‘paytirishni reja qilganmiz. Bu maqsad uchun alohida tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, tibbiyot turizmini rivojlantirish haqida ham ishlarni boshlamoqdamiz. Bu uchun Alanyada barcha imkoniyatlarimiz yetarli. Maqsadimiz, shahrimizga kelgan turist ham davolansin, ham dam olib, sayohat qilib ketsin”, deydi shahar hokimi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
Osman Tarik O‘zchelik suhbat chog‘ida O‘zbekistonning turizm shaharlari, jumladan Samarqand shahri bilan yaqin aloqalar o‘rnatish niyati borligini ma’lum qildi.
“O‘zbekistonning tarixiy shaharlari haqida eshitganmiz. Alanyada ham tarixiy qal’alar ko‘p. Bu jihatdan madaniyatimiz, tariximiz uyg‘un. Samarqand bilan birodar shahar aloqalarini o‘rnatish niyatimiz bor. Ikki tomonlama manfaatli bo‘lgan bunday imkoniyatlarni albatta qo‘llab-quvvatlaymiz”, deya ta’kidlab o‘tdi Osman Tarik O‘zchelik.
Hozirda o‘zbekistonliklar Asialuxe Travel turoperatorining to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslari orqali Antaliyaga uchib, u yerdan Alanyaga borishlari mumkin. Antaliya va Alanya shaharlari orasida 150 km.dan ortiqroq masofa bor.
Asialuxe Travel turoperatori yaqin vaqtda O‘zbekistondan Alanyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Natijada, Alanyaga bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar Antaliyadan uzoq yo‘l bosib borishlariga xojat qolmaydi. Shahar hokimi shu haqida ham to‘xtalar ekan, bu o‘zbekistonlik turistlar uchun, o‘z navbatida O‘zbekistonga sayohat qilmoqchi bo‘lgan Alanya aholisi uchun katta qulaylik yaratishini ta’kidlab o‘tdi.
Ma’lumot uchun, 62 yoshli Osman Tarik O‘zchelik mart oyi oxirida Turkiyada mahalliy hokimiyat uchun o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozonib, Alanya shahri hokimi lavozimiga kirishgan. U saylovlarda Respublika Xalq partiyasidan nomzodini ilgari surgandi.
Mavzuga oid
16:43 / 06.11.2024
Erdo‘g‘an turkiyzabon davlatlarni umumiy alifboga o‘tishga chaqirdi
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
09:50 / 04.11.2024
Turkiya TIV rahbari: Ukraina yaxlitligi tinchlikning shartidir
10:30 / 02.11.2024