Rossiya qo‘shini yurish qilayotgan Xarkiv oblastidagi vaziyat AQShni ukrain harbiylariga Rossiya hududidagi nishonlarga Amerika qurollari bilan zarba yo‘llashga ruxsat berishga ishontirgan. Bu haqda yozgan The Washington Post nashri maqolasida Ukraina Oq uyni taqiqni bekor qilishga ko‘ndirish uchun 17 kun davomida qanday harakat qilgani tasvirlangan.

Mart oyidayoq mulozimlar RF qo‘shini Xarkiv yaqinidan o‘tgan Rossiya-Ukraina chegarasida qo‘shin to‘playotganini payqashgan. Mart oyi o‘rtalarida aviabombalar bilan Xarkiv oblasti shiddatli ravishda  o‘qqa tutila boshlangan, bu hujumlar oqibatida hududning energetika infratuzilmalariga jiddiy shikast yetkazilgan va oblastning katta qismi elektrsiz qolgan.

Maqolada aytilishicha, Ukraina rahbariyati o‘shandayoq vaziyatdan tashvishga tushgan, ammo o‘sha vaqtdagi qaltislikni ham anglab turgan, chunki o‘shanda AQSh kongressi Kiyevga 61 milliard dollarlik harbiy yordam ajratish masalasida hamon bahslashayotgandi. Shuning uchun o‘shanda Kiyev Amerika qurollarini RF hududidagi nishonlarga qo‘llash bo‘yicha taqiqni olib tashlashni talab qilmaslikka qaror qilgan, holbuki AQSh rasmiylari, The Washington Post nashri qayd etishicha, allaqachon frontdagi vaziyatni xavotir bilan kuzatayotgandi.

Xususan, mart oyida Kiyevga AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan tashrif buyurgan va ukrainalik rasmiylarni Xarkiv yaqinida chegara bo‘ylab mudofaa pozitsiyalarini tayyorlashga chaqirgan. Ammo, Ukraini qurolli kuchlari istehkomlar qurishga urinayotganida ularni Rossiya artilleriyasi o‘qqa tutib turgan. Shu tufayli ukrain harbiylari tun bo‘yi ishlashiga to‘g‘ri kelgan.

Aprel oyi oxirida AQSh Ukrainaga harbiy yordam haqidagi qonun loyihasini ma’qullaydi va qurol yetkazib berishni boshlaydi. Ammo bu juda kech ro‘y beradi va tayyorlangan yurishni to‘xtata olmaydi.

Gazeta savollariga javob qaytargan Ukraina qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari hisoblashicha, RF qo‘shini Xarkiv oblastiga yurishni ukrainlar g‘arb qurollarini qo‘llashga taqiq tufayli ularga xalal bera olmasligini bilgan holda rejalashtirgan va uyushtirgan. 10 may kuni Rossiya yurish boshlaganida, uning qo‘shini tezlik bilan Xarkiv yaqinida Ukrainaning shimoliy chegarasini kesib o‘tgan va shaharni okkupatsiya xavfi ostida qoldirgan.

Ukrainalik harbiylar Rossiya armiyasi yurishning dastlabki kunlarida amalda hech qanday qarshiliksiz Rossiya hududidan turib ularni o‘qqa tuta olganini aytishgan. Ammo, ularning so‘zlariga ko‘ra, agar Ukraina Amerika qurollaridan RF hududidagi nishonlarga zarba berishi mumkin bo‘lganida, buning oldini olish mumkin edi.