Rossiyaning butun front bo‘ylab hujumi — Xarkivdan Zaporijjya oblastining Rabotine qishlog‘igacha bo‘lgan hududlarda — davom ettirilmoqda. Ammo so‘nggi haftalarda yurish sur’atlari sekinlashgan. Bu qisman Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi mudofaa uchun o‘zining barcha operativ zaxiralarini harakatga keltirgani bilan bog‘liq. Buning yordamida Xarkiv atrofida yangi mustahkam front tashkil etildi va Avdiyivkadan g‘arbdagi vaziyat ham barqarorlashtirildi. Ammo boshqa uchastkalarda — Baxmut g‘arbidagi Chasiv Yar shahri atrofida va Xarkiv oblasti sharqida, Kupyansk va Svatove oralig‘ida — barqaror mudofaa uchun kuchlar yetishmayapti.

Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi (Ukraina yangi safarbar qilinayotganlardan yangi brigadalar tuzish bilan mashg‘ul bo‘ladigan oylarda) bundan keyin ham «pyatnashkada o‘ynashi»ga — bir necha elita brigadalaridan iborat «o‘t o‘chiruvchi jamoalari»ni bir yo‘nalishdan boshqasiga ko‘chirib yurishiga to‘g‘ri keladi. Xususan, Xarkiv atrofiga, katta ehtimol bilan, Ukraina dengiz piyodalari korpusi (dengiz piyodalarining uchta brigadasidan iborat) kuchlarining bir qismi tashlangan, bu bo‘linmalar bunga qadar bir necha oy mobaynida Dnipro daryosining so‘l sohilidagi platsdarmlarda jang qilgandi. Bunday katta kuchlar olib kelinishi rossiyalik «harbiy muxbir»larni ham cho‘chitib yubordi, ular buni Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya qo‘shinini RF hududiga siqib chiqarishga qaratilgan qarshi hujumini boshlashga tayyorgarlik siatida qabul qilishdi.

Xarkiv

  • Rossiyaning ikki yo‘nalishda — to‘g‘ridan to‘g‘ri Xarkivning shimoliy chekkalariga hamda oblast markazidan 50 kilometr shimoli-sharqdagi Vovchansk shahriga yurishi — uzil-kesil to‘xtadi. RF qurolli kuchlari bo‘linmalari hamon Vovchanskning shimoliy qismini ham egallay olmadi. Ular shaharni teng ikkiga ajratib oquvchi Volchya daryosini kechib o‘ta olishmadi. Xarkivning shimoliy chekka hududi bo‘lmish Lipsi qishlog‘i uchun janglarda ham sezilarli o‘zgarish yo‘q.
  • RF qurolli kuchlari jangga zaxiralarni kirita boshlagan: 10 mayda Vovchansk yaqinida yurish boshlanganidan buyon ilk bor tank bo‘linmalari paydo bo‘lgan (bunga qadar jang maydonida olingan videolarda faqat alohida harakatlangan tanklarni uchratish mumkin edi, hujumlar asosan artilleriya ko‘magida oldinga tashlangan piyodalarning kichik shturm guruhlari bilan olib borilgan).
  • Biroq, rossiyalik «harbiy muxbir»lar yozgan Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi hozircha ro‘y bergani yo‘q: ukrainlarning Xarkiv atrofiga tashlangan zaxira kuchlari faqat lokal qarshi hujumlar o‘tkazmoqda, shuningdek RF qurolli kuchlarining ichki bazalariga artilleriya zarbalari yo‘llab, dronlar bilan hujum qilmoqda. Jumladan, chegaraning narigi tomonida turgan rus qo‘shinlari ham zarba ostida qolmoqda. AQSh Ukrainaga yetkazib berilgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlaridan Rossiya hududidagi front ortiga zarbalar yo‘llashga ruxsat bergan, shunday ekan, yaqin vaqtlar ichida bunday hujumlar yanada samarali bo‘la boshlashi mumkin.