12:00 / 05.06.2024
2986

Rossiya Tergov qo‘mitasi Andrey Makarevichni ekstremizm ishi bo‘yicha tekshirmoqda

Tekshiruvga musiqachi va telefon prankeri o‘rtasidagi suhbat sabab bo‘lgan. Suhbatda Makarevich o‘zini Rossiyadan himoya qilayotgan Ukrainaga g‘alaba tilashini aytgan.

Foto: Foto: Aleksandr Miridonov / Kommersant’

Rossiya Tergov qo‘mitasi (RTQ) «Mashina vremeni» guruhi yetakchisi Andrey Makarevichning so‘zlarida ekstremistik harakatlarga ommaviy chaqiriqlar mavjudligi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshladi, deb xabar berdi TASS agentligi 4 iyun, seshanba kuni huquq-tartibot idoralaridagi manbaga tayanib.

Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, tergovga musiqachining o‘zini Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy deb tanishtirgan telefon prankeri bilan suhbati sabab bo‘lgan. Suhbat davomida Makarevich Ukraina prezidentiga «bularning barchasiga bardosh berishni, omon qolishni va barchani mag‘lub etishni» tiladi. 

Suhbat yozuvi kremlparast prankerlar Vovan va Leksus (ularning asl ismlari - Vladimir Kuznetsov va Aleksey Stolyarov) tomonidan nashr etilgan, shundan so‘ng «Rossiya faxriylari» jamoat harakati rahbari Vadim Mironenko Makarevichga qarshi ariza yozgan. «Ekstremistik faoliyatga ommaviy chaqiriq» moddasi bo‘yicha jazo besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi. 

Andrey Makarevich «chet el agenti» deb tan olingan

2022 yil kuzida Andrey Makarevich birinchi bo‘lib «xorijiy ta’sir» tufayli «chet el agenti» sifatida tan olindi. Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi bunday «ta’sir»ni Makarevichning ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon va «Dojd» telekanaliga bergan intervyusida payqagan, u yerda musiqachi Ukrainadagi urush haqida gapirgan.

Rossiya Adliya vazirligi, shuningdek, Makarevich o‘zining Telegram-kanalida Rossiya rasmiylari qarorlari haqida muntazam ravishda salbiy sharhlar tarqatib, ularni harbiy jinoyatlarda ayblashini ma’lum qildi.

Andrey Makarevich «chet el agenti» degan markirovkani ko‘rsatmagani uchun ikki marta jarimaga tortildi. So‘nggi yillarda u Isroilda yashayapti. 

Boris Akuninga qarshi ish

Dekabr oyida prankerlar Vovan va Leksus Zelenskiy nomidan yozuvchi Boris Akunin bilan suhbat yozilgan yozuvlarni chop etishdi. Shundan so‘ng, Akuninga qarshi Rossiya armiyasi haqidagi feyklar va terrorizmni omma oldida oqlash haqidagi moddalar bo‘yicha jinoiy ish ochildi. Bir qator rus teatrlarida Akunin asarlari asosida spektakllar bekor qilindi va yozuvchining kitoblari sotuvdan olib tashlana boshladi. 

Boris Akunin Rossiya siyosatini bir necha bor tanqid qilib, Ukrainadagi urushni qoralagan. 2014 yildan beri u Londonda yashaydi. Akunin, shuningdek, Rossiya Adliya vazirligi tomonidan «chet el agentlari» ro‘yxatiga kiritilgan. Rossiya Ichki ishlar vazirligi uni qidiruvga bergan. 

Top