Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
RFda birinchi marta «ekstremistik» kontent qidirilgani uchun jarima solindi
Kamensk-Uralskiy shahrida yashovchi 20 yoshli yigitga RF hokimiyati «ekstremistik» deb hisoblaydigan materiallarni qidirish to‘g‘risidagi yangi ma’muriy modda bo‘yicha 3 ming rubl jarima tayinlandi.
Foto: Aleksandr Oshchepkov / NGS.RU
Sverdlovsk viloyatidagi sud chorshanba, 10 dekabr kuni Kamensk-Uralskiy shahrida yashovchi 20 yoshli fuqaro, shifokor yordamchisi Sergey Gluxixga RF hokimiyati «ekstremistik» deb ataydigan materiallarni qidirishga oid yangi ma’muriy modda bo‘yicha 3 ming rubl miqdorida jarima tayinladi. Gluxix manfaatlarini himoya qilayotgan yurist Sergey Barsukov RBK agentligiga ma’lum qilishicha, bu qaror ushbu modda bo‘yicha chiqarilgan birinchi sud hukmi hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, himoya ostidagi shaxs «ataylab hech narsa qidirmagan» va o‘zini aybdor deb hisoblamaydi.
«Ayblov nimalarga asoslanganini hozir sizga ayta olmayman, chunki biz asoslab beruvchi qismni 12 dekabrda qo‘lga kiritamiz. Ana o‘shanda sudya nega bunday qaror chiqargani aniq bo‘ladi. Biz bu qaror ustidan shubhasiz shikoyat qilamiz, chunki sud qarori qonuniy emas, deb hisoblaymiz», — deya yurist so‘zlarini keltiradi agentlik. Sergey Barsukov shuningdek, shifokor yordamchisi mahalliy shifoxonadan ishdan bo‘shashga majbur bo‘lganini, chunki u yerda «unga bosib o‘tkazishganini» aytdi. Sergey Gluxix sud majlisiga o‘zi kelmagan.
«Ekstremistik materiallar»ni qidirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonunga RF prezidenti Vladimir Putin 31 iyul kuni imzo chekqan, ushbu «norma» 1 sentabrdan kuchga kirgan. Bu kabi «huquqbuzarlik» uchun mamlakatda 3 mingdan 5 ming rublgacha jarima ko‘zda tutilgan.
Barsukov ma’lumotlariga ko‘ra, avvaliga Gluxixga Ukraina tomonida jang qilayotgan Rossiya ko‘ngillilar korpusi va «Azov» bataloni haqidagi maqolalar sababli bayonnoma tuzilgan. Rossiya hokimiyati bu tuzilmalarni «terroristik tashkilotlar» deb e’lon qilgan. Yurist versiyasiga ko‘ra, uning himoyasi ostidagi shaxs 24 sentabr kuni ishga avtobusda ketayotganda internetdagi sahifalarni ko‘zdan kechirgan va shu paytda «taqiqlangan tashkilotlar simvolikasi va materiallariga ko‘zi tushgan».
Yurist ta’kidlashicha, 20 yoshli urallik yigit hech narsani ataylab qidirmagan: «qarab, yopib qo‘ygan». Biroq oradan bir necha soat o‘tgach, Gluxixni mahalliy FSB xodimlari bo‘limga olib ketgan, u yerda, yurist so‘zlariga ko‘ra, savol-javob qilingan, telefon olib qo‘yilgan va keyin qo‘yib yuborilgan. Huquq-tartibot organlari Gluxix qaysi sahifalarni ko‘rganini qanday aniqlagani noma’lumligicha qolmoqda.
Shu bilan birga, bugungi sud majlisida guvoh sifatida ishtirok etgan politsiya xodimasi Barsukovning himoyasi ostidagi shaxs u ko‘rayotgan ma’lumotlar taqiqlanganini bilganini va «bu mavzuga 2022 yildan beri qiziqib kelganini» aytgan, deya xabar beradi «Interfaks» agentligi. Yana bir guvoh — FSB xodimi Gluxix «bundan oldin ham maxsus xizmatlar diqqat markazida bo‘lganini» ma’lum qilgan, biroq, agentlik yozishicha, u o‘z iddaosini tasdiqlovchi batafsil ma’lumotni keltirmagan.
Mavzuga oid
15:58
UXX Odessada RFning «yashirin floti» kemasi qo‘lga olingani haqida xabar berdi
13:20
UXX dronlari Qora dengizda RFning «yashirin floti» tankerini nishonga oldi
10:25
Rossiya 2025 yilda Ukraina hududining 1 foizidan kam qismini egalladi
09:42