Rossiya armiyasi 2023 yil oktyabrida bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda boshlangan yurishlarini iyun oyida ham davom ettirmoqda. RF qurolli kuchlarining asosiy zarbasi berilgan va eng katta qo‘shin harakatga keltirilgan Avdiyivka yo‘nalishida sakkiz oy mobaynida 15-20 kilometr masofa bosib o‘tildi. Shu bilan birga, Avdiyivkaning o‘zi egallab olingan fevral oyidan keyingi davrdagi ilgarilash 7-10 kilometrni tashkil etgan. May oyida RF qurolli kuchlari Xarkiv yaqinida yangi front ochgan, bir necha kun ichida ukrainlar nazoratidagi hudud bo‘ylab yetti-sakkiz kilometr masofaga kirib kelingandi. Boshqa yo‘nalishlarda esa oldinga harakatlanish yanada sekin va kamtarona bo‘lmoqda.

Vladimir Putin 7 iyun kuni RF qurolli kuchlarining hujum metodlarini Ukraina qurolli kuchlarini Rossiya «nazorat ostiga olishi kerak bo‘lgan» hududlardan «siqib chiqarish» taktikasi deb atagandi. Bunday yurish sur’atini tezlashtirish ham mumkin — ammo faqat Rossiya armiyasining Ukraina armiyasiga nisbatan son jihatdan ustunligini sezilarli darajada oshirish hisobiga. Buning uchun esa safarbarlik hamda yo‘qotishlar miqdori ortishi talab etiladi — bunday variantlar esa Putinni qoniqtirmaydi.

Uning rejasiga ko‘ra, Rossiya aynan qaysi hududlarni «nazorat ostiga olishi» kerakligi aniq emas, ammo taxmin qilish mumkinki, gap kamida Donetsk va Zaporijjya oblastlarini to‘liq egallash haqida boradi. Donetsk oblastining logistik va sanoat markazlarigacha (Kramatorsk, Slovyansk, Pokrovsk, Kuraxovo, Liman) RF qurolli kuchlari 30 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishi kerak bo‘ladi. Region chegarasigacha — turli yo‘nalishlarda (agar eng shimoliy nuqtasi hisoblanmasa) 40-50 kilometr yurish kerak. Bu shuni anglatadiki, yurishning hozirgi sur’atlarida (bu esa kelgusida ham saqlanib qolishi kafolatlanmagan) faqat Donetsk oblastining o‘zini egallashga bir yildan ortiq vaqt ketishi mumkin.

Shu bilan birga, Rossiya qo‘mondonligi zaxiralarni boshqa yo‘nalishlarga sochib yuborgan. Xususan, u Xarkivdan shimolda to‘xtab qolgan, avvalboshdan Leningrad harbiy okrugi qo‘shinlaridan tarkib topgan guruhini kuchaytirishga harakat qilmoqda.

Xarkiv va Vovchansk

  • Rossiya qo‘shini hamon Vovchanskda va uning atrofidagi hududlarda Ukraina qurolli kuchlarini Volchya daryosi ortiga chekintira olmadi. Ukraina qo‘mondonligi hududga zaxira kuchlarni olib keldi — jumladan, shu vaqtgacha Dnipro daryosining chap sohilida, Krinki platsdarmida o‘rnashib olishga harakat qilib kelgan dengiz piyodalari brigadalaridan kamida bittasining qismlari ushbu hududga o‘tkazilgan. RF qurolli kuchlari, aftidan, xuddi shunday javob qaytargan: Vovchansk hududiga (agar tuzilmaning telegram-kanalidagi videoga ishonilsa) Kupyansk atrofidan 47-tank diviziyasi hamda shu vaqtgacha Vuhledar uchun janglarda qatnashgan Tinch okeani floti dengiz piyodalarining 155-brigadasi qismlari yetib kelgan. Hozircha bu tuzilmalarni to‘lig‘icha Xarkiv frontiga tashlash rejalashtirilgani aniq emas. E’lon qilingan video — harbiy hiyla bo‘lib chiqishi ham mumkin.