Zaporijjya oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov Zaporijjya rayoni Volnyansk shahri o‘qqa tutilishi oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida yetti nafarni tashkil etayotgani haqida ma’lum qildi.

«Dushman Zaporijjya oblasti Volnyansk shahrida 7 kishini o‘ldirdi. Qurbonlarning ikki nafari — bolalar. Yaralanganlar soni 10 nafarga oshdi», — deya yozgan Fedorov telegram-kanalida.

Rossiyaning Volnyansk bo‘ylab zarbasi oqibatida 36 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan, ulardan to‘qqiz nafari bolalar. 

Ikkita ko‘p qavatli uy va 12 ta savdo binosi shikastlangan, 7 ta avtomobil butunlay yonib ketgan.

Fedorovning ma’lumotiga ko‘ra, jarohatlanganlardan 12 nafari shifoxonada qolmoqda.

«Tibbiyot xodimlari ulardan olti nafarining ahvolini og‘ir deb baholagan. Shifoxonaga yotqizilganlar orasida oskolkadan jarohatlanganlar, kontuziyaga uchraganlar, tana qismlari singanlar, travmatik amputatsiya qilinganlar bor, — deya yozgan Fedorov o‘z telegram-kanalida. — Yaradorlardan bir nafari homilador ayol va to‘qqiz nafari bolalar».

Yakshanba kuni Zaporijjya oblastida motam kuni bo‘ldi.

Rossiya tomoni hodisa yuzasidan munosabat bildirmagan, bu borada tasdiqlangan boshqa ma’lumotlar yo‘q.

Ukraina odamlar halok bo‘lishi va hududlar boy berilishini yordam taqdim etishdagi kechikishlar tufayli yuzaga kelgan o‘q-dori hamda havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar tanqisligi bilan bog‘laydi, Volodimir Zelenskiy esa urushda g‘olib bo‘lish uchun bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashda davom etishga chaqirgan.

«Bizga kerak bo‘lgan qarorlarni tezlashtirish kerak. Qaror qabul qilishdagi har qanday kechikish bu urushda odamlar hayotini yo‘qotish demakdir», — degan ukrainlar yetakchisi.

Zelenskiy yana bir bor havo hujumidan mudofaa tizimlari so‘radi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘tgan haftaning o‘zida Rossiya armiyasi Ukrainaga qarshi 800 dan ortiq boshqariluvchi aviabombalar qo‘llagani, shu tufayli Ukraina Rossiyaning jangovar samolyotlarini doimiy joylashuv bazalarida yo‘q qilish uchun zamonaviy vositalarga ehtiyoj sezayotganini aytgan.

Ukraina tarafdorlari bir necha bor uning g‘arbdagi hamkorlarini, birinchi navbatda AQShni Ukrainaga Rossiya hududidagi obektlarga zarba berishga qodir bo‘lgan tizimlarni yetkazib berishni istamagani, shuningdek yetkazib berilgan qurollardan bunday zarbalar berishni taqiqlagani uchun tanqid qilgandi.