Jahon | 11:22 / 03.07.2024
10784
1 daqiqa o‘qiladi

Moskvada Ukraina gerbi tasvirlangan futbolka kiyib yurgan erkak jarimaga tortildi

Rossiyada Ukraina gerbi tasviri tushirilgan futbolka kiygan va urushni tanqid qilgan asli o‘zbekistonlik bo‘lgan erkak 50 ming rubl (7,1 mln so‘m) jarimaga tortildi. Sud 39 yoshli X. A.ni «Rossiya qurolli kuchlarini obro‘sizlantirish» moddasi bo‘yicha aybdor deb topgan.

Foto: Kun.uz

Rossiya poytaxtida Ukraina gerbi tasviri tushirilgan futbolka kiygan va urushni tanqid qilgan kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan X. A. jarimaga tortildi. Bu haqda “Ostorojno, Moskva” telegram kanali xabar berdi.

Qayd etilishicha, 25 iyun oqshomida Moskvadagi «Kiyevskaya» metrosida politsiya xodimlari 39 yoshli X. A.ni qo‘lga olishgan. Bunga uning futbolkasida Ukraina gerbi aks etgani sabab sifatida keltirilgan. Bundan tashqari, yo‘lovchi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini tanqid qilgan.

27 iyunda bo‘lib o‘tgan sud majlisida X. A. «Rossiya qurolli kuchlarini obro‘sizlantirish» moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan va uning 50 ming rubl (7,1 mln so‘m) miqdorida jarima to‘lashi belgilangan.

Sud qarorida O‘zbekistonda tug‘ilgan X. A.ning Rossiya fuqarosi ekanligi keltirib o‘tilgan.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid