Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Kiyevda Volodimir Zelenskiyga o‘t ochishni to‘xtatish va Vladimir Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirishni taklif etdi, bu bilan esa moskvaparast siyosatchi sifatidagi reputatsiyasini tasdiqladi. Orban Ukrainaga Vengriya yarim yil muddatga YeI kengashiga rahbarlikni o‘z zimmasiga olgan kunning ertasiga keldi. BBC ushbu tashrif yakunlari haqida yozdi.

«Tashrifning asosiy mavzusi — tinchlikka erishish imkoniyatlari», — deya uchrashuv kun tartibini tasvirlagandi Orbanning matbuot kotibi Bertalan Havashining so‘zlarini keltirgan holda Reuters agentligi.

«Bugun biz adolatli va uzoq muddatli tinchlikni qanday ta’minlash haqida gaplashamiz», — deya yozgandi Zelenskiy o‘z telegram-kanalida.

Ammo muzokaralar yakunlariga ko‘ra kelishuv istiqbollari haqida faqat Vengriya bosh vaziri bayonot berdi.

«Tinchlik bu — muhim masala. Sizlar yashayotgan urush sharoiti ayni paytda Yevropa xavfsizligiga ham intensiv ta’sir o‘tkazmoqda. Biz, albatta, janob Zelenskiyning tinchlikka erishish bo‘yicha barcha tashabbuslarini yuqori baholaymiz. Men Zelenskiyga bu tashabbuslar juda ko‘p vaqtni talab etishini aytdim. Aynan xalqaro diplomatiya qoidalariga ko‘ra ular juda murakkablashtirilgan», – deya Orbandan iqtibos keltirgan «Interfaks-Ukraina».

« Men Zelenskiydan boshqacha yo‘l tutish haqida o‘ylab ko‘rishni so‘radim: avval o‘t ochishni to‘xtatish, so‘ngra tinchlik haqida muzokaralar o‘tkazish. Chunki o‘t ochishning to‘xtatilishi bunday muzokaralarning tezlashishini ta’minlashi mumkin», – degan Orban muzokaralardan keyin o‘z tashabbusi mohiyati haqida.

Volodimir Zelenskiy Orbanning taklifiga javob bermagan, faqat ukrainlarning «tinchlik formulasi»ni muhokama qilish uchun Shveytsariyada o‘tkazilgan tinchlik sammitidagi kommyunikeni qo‘llab-quvvatlagani uchun Vengriyaga minnatdorchilik bildirgan.

«Formula»ning o‘nta punkti qatorida — Ukrainaning hududiy yaxlitligini tiklash, Rossiya qo‘shinini Ukraina hududidan olib ketish, Rossiyaga tovon puli to‘latib, jazolash kabilar o‘rin olgan.

Moskva esa o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralarni boshlashga tayyorligini ma’lum qilgan, ammo buning uchun Kiyevga qator shartlar qo‘ygan: ukrain qo‘shinlarini Luhansk, Donetsk, Zaporijjya va Xerson oblastlaridan olib chiqish, NATOga a’zo bo‘lish rejasidan voz kechish, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish va hokazo.