Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushning «qaynoq» bosqichi shu yil oxirigacha yakunlanishi mumkinligini tan oldi. «O‘ylaymanki, agar biz hamjihatlikda harakat qilsak va Tinchlik sammiti formatiga amal qilsak, urushning qizg‘in bosqichiga barham berishimiz mumkin. Buni joriy yil oxirigacha bajarishga harakat qilamiz», dedi u 19 iyul, juma kuni Britaniyaga tashrifi chog‘ida BBC’ga bergan intervyusida.

Ukraina davlat rahbari agar Kiyevning ittifoqchilari Moskvaga bosim o‘tkazsa, urush diplomatik yo‘l bilan muzokaralar stolida tugatilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. «Bu barcha hududlarni jangda zabt etish kerak degani emas, bunga diplomatiya orqali erishish mumkin», - deya ta’kidladi u. Qayd etilishicha, Rossiyaning jang maydonida kuchsizlanishi Ukrainaga muzokaralarda kuchliroq pozitsiyani beradi. 

Britaniyada Zelenskiy Ukrainaga RFdagi nishonlarni g‘arb qurollari bilan urishga ruxsat berishga chaqirdi 

BBC bilan suhbatda Ukraina prezidenti yana bir bor ta’kidladiki, Rossiya hujumlarini qaytarish uchun Kiyev Rossiya hududiga g‘arb qurollarini masofani cheklamay qo‘llashga ruxsat olishi kerak. U bunday ruxsatni Britaniya yordamida olishga umid qilmoqda. «Biz shunchaki ular bizga qarata o‘q uzayotgan nuqtaga aniq zarba berishni istaymiz», dedi Zelenskiy. 

U Britaniya vazirlar mahkamasidagi nutqida bu iltimosni takrorladi. G‘arb qurollaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarning bekor qilinishi Ukrainaga mudofaasini mustahkamlash va oldinga siljishini ta’minlashga yordam beradi, dedi davlat rahbari va Britaniyani bu borada «yetakchilikni ko‘rsatishga» chaqirdi. «Men sizdan boshqa hamkorlarni cheklovlarni olib tashlashga ishontirishingizni so‘rayman, bu qadam – Rossiyani tinchlikka erishishga majbur qiladigan qadam», - dedi Zelenskiy Britaniya bosh vaziri Kir Starmerga. 

Zelenskiy: Tramp ma’muriyati bilan ishlash qiyin bo‘ladi, ammo biz bundan qo‘rqmaymiz

BBC’ga bergan intervyusida Zelenskiy shu yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari vaqtida AQSh ma’muriyatining ehtimoliy o‘zgarishiga ham izoh taqdim etib, Kiyev bu lavozimga kim saylanishidan qat’i nazar, AQSh istalgan prezidenti bilan ishlashga tayyorligini ta’kidladi. Agar Donald Tramp g‘alaba qozonsa, uning ma’muriyati bilan hamkorlik «mashaqqatli ish bo‘ladi, lekin biz mehnatkashmiz va mashaqqatli mehnatdan qo‘rqmaymiz», deb ta’kidladi Zelenskiy.