25 iyulda davlat imtihonlari tugagandan keyin yo‘nalish, OTM va boshqalarni tanlash uchun abituriyentlarga 15 kun vaqt beriladi. Bu muddat yakunlangach, 7 kun ichida kim qayerga kirganini bilib olishi mumkin bo‘ladi.

Qabulda nima o‘zgarmadi?

Deyarli hech nima. Faqat abituriyent qayerda o‘qishini tanlashidan oldin ballini biladigan bo‘ldi. Bu unga qayerga balli yetishi mumkinligini taxmin qila olish imkonini berdi. Bu qanday bo‘ladi? Buning uchun abituriyent Bilimni baholash agentligining mandat.uz saytiga kirib, oxirgi 3 yillik abituriyentlarning grant va kontrakt uchun o‘tish ballarini o‘rganib chiqishi kerak. Shundan keyin qo‘lidagi balli bilan solishtirib, qayerda o‘qishga imkoni yetishi mumkinligini prognoz qila oladi.

Lekin bunda ham hammasi 100 foiz aniq bo‘lmaydi. Chunki imtihonlar o‘tib bo‘lgach yo‘nalishlarda abituriyentlar ballari ketma-ketligi e’lon qilinmaydi. Masalan, yurisprudensiya yoki iqtisod yo‘nalishida o‘tish ballari eng balandidan eng pastigacha ochiq ma’lumot olish mumkin emas. Chunki abituriyentlar test topshirayotganda yo‘nalish tanlamagan. Tanlov o‘tgan yillardagi minimal o‘tish balliga asoslanadi. Bu yilgi qabul faqatgina abituriyentning o‘z imkoniyatini baholash qobiliyatini oshiradi”, – deb tushuntirdi agentlik mutaxassisi Jamshidbek Odilov.

Kvotalarda ham o‘zgarish bor

Faqat grant kvotada o‘zgarish bor. Grant kvotalar prezident farmoni bilan oldingidek OTM kesimida emas, balki yo‘nalishlar kesimida taqsimlandi. Lekin hali qaysi universitetga nechta grant berishi aniq bo‘lmadi. Buning uchun davlat komissiyasi qarori kutilyapti. To‘lov-kontrakt kvotasida o‘zgarish yo‘q. Kontrakt kvotasi odatiy tarzda OTM kesimida shakllantiriladi.

To‘liq kvotalar qachon tasdiqlanadi?

Hozircha faqat umumiy kvota e’lon qilindi. Batafsil kvotalar Davlat qabul komissiyasi tomonidan 1 hafta ichida e’lon qilinishi kerak. Komissiya quyidagilarni tasdiqlaydi:

  • umumiy qabul parametrlarini (oliygohlar, ta’lim shakllari va tillar kesimida);
  • qo‘shimcha qabul parametrlarini (imtiyozga ega abituriyentlar uchun);
  • maqsadli qabul kvotalarini va ushbu kvotalarning tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;
  • o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish ballini;
  • umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushini.