Mersisayd politsiyasi boshlig‘i Serena Kennedi Angliyaning Sautport shahrida pichoq bilan qilingan hujum oqibatida ikki bola halok bo‘lgan, yana 11 kishi, jumladan, to‘qqiz bola jarohatlanganini aytdi.

Kennedi Shimoli-G‘arbiy tez yordam xizmati xodimi Deyv Kitchin va Mersisayd yong‘in-qutqaruv xizmati boshlig‘i Fil Garrigan bilan qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiya raqs maktabida pichoq bilan qilingan hujum haqida mahalliy vaqt bilan soat 11:47 da xabar olgan. Kennedi ikki bola halok bo‘lganini va 9 bola yaralanganini, ulardan 6 nafari og‘ir ahvolda ekanini e’lon qildi. 

Kennedi, shuningdek, ikki yoshi katta shaxs ham og‘ir yaralanganini va bu odamlar bolalarni himoya qilmoqchi bo‘lgan paytda jarohatlanganini aytdi. 

17 yoshli qotillikda gumonlanuvchining hibsda ekanligi va uning so‘roqlari davom etayotganiga e’tibor qaratgan Kennedi, gumonlanuvchi Lankashir mintaqasidagi Banks shahridan ekani, lekin asli Uels poytaxti Kardiffda tug‘ilgani haqidagi ma’lumot bilan o‘rtoqlashdi. 

Politsiyaning qo‘shimcha qilishicha, hujum qurbonlari Xart-stritdagi raqs maktabida amerikalik qo‘shiqchi Teylor Sviftning konseptual tadbiriga tashrif buyurgan bolalardir. Uning ta’kidlashicha, voqea terrorchilik harakati sifatida baholanmaydi. 

Ixtisoslashgan guruhlar ishga tushirildi

Kitchin, o‘z navbatida, pichoqbozlik haqidagi ko‘plab xabarlardan so‘ng mintaqaga ixtisoslashgan guruhlarga ega tez yordam mashinalari jo‘natilganini aytdi. 

11 jabrlanuvchiga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatildi, barcha jarohatlanganlar mintaqa va Manchesterdagi shifoxonalarga yuborildi.

Garriganning aytishicha, voqea joyiga tibbiyot guruhlari jo‘natilgan va voqeada boshqa jarohatlanganlar bor yoki yo‘qligini aniqlash ustida ish olib borilmoqda.

Voqea joyida jamoalar zarur birinchi yordam ko‘rsatganini ta’kidlar ekan, Garrigan, ayniqsa, o‘t o‘chiruvchilar hududda yashagani uchun voqeadan chuqur shokka tushganini aytdi.