Jahon hamjamiyati Rossiya tomonidan 1 avgust, payshanba kuni siyosiy sabablarga ko‘ra qamoqda saqlanayotgan bir qator siyosatchilar va jamoat arboblari, jumladan, Germaniya, AQSh va Britaniya fuqarolarining mahbuslar almashinuvi doirasida ozod etilganini olqishladi

«Yevropa Ittifoqi Turkiya ko‘magida bir qator siyosiy mahbuslar, jumladan, Yevropa Ittifoqi fuqarolari Rossiya va Belarusda ozod etilgani va topshirilganidan yengil tortdi», dedi 1 avgust kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.

«Siyosiy mahbuslar hamda Rossiya va Belarus qamoqxonalarida nohaq ushlab turilganlarning barchasi zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz ozod etilishi kerak», dedi u Yevropa Ittifoqi nomidan. 

Stoltenberg NATO ittifoqchilarining roli haqida

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ham mahbuslar almashinuvi haqida ijobiy fikr bildirdi. «Bu yutuqqa NATO ittifoqchilarining yaqin hamkorligi tufayli erishildi, - deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida. - Tinch muxolifat huquqi va ommaviy axborot vositalari erkinligi har bir jamiyat uchun juda muhim». 

Kir Starmer: «Mening o‘y-xayollarim ozod qilingan siyosiy mahbuslar bilan» 

O‘z navbatida, Britaniya bosh vaziri Kir Starmer X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi: «Men Rossiyada saqlanayotgan bir qator mahbuslar, jumladan, Vladimir Kara-Murza, Pol Uilan va Evan Gershkovichning ozod etilishini olqishlayman. Mening o‘y-xayollarim ozod qilingan siyosiy mahbuslar bilan».

«Biz Rossiyani siyosiy fikr erkinligini ta’minlashga chaqirishda davom etamiz», - deya qo‘shimcha qildi u.

Muxolifatchi siyosatchi va publitsist Vladimir Kara-Murza Rossiya fuqaroligidan tashqari Britaniya fuqaroligiga ham ega.

Yuliya Navalnaya: «Bu katta baxt!»

«Ulkan, juda uzoq va mashaqqatli ish, bir necha yil davom etgan muzokaralar, fevral, ko‘pchilikning qandaydir tarzda hammani birlashtirish va barchani qutqarish uchun yangi urinishi - bu katta baxt!» - deb yozdi Rossiya koloniyasida vafot etgan muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya X ijtimoiy tarmog‘ida. 

«Har bir ozodlikka chiqqan siyosiy mahbus – bu katta g‘alaba va quvonch, - deya qo‘shimcha qildi u. - Hech kim garovga olinmasligi, qiynoqqa solinmasligi yoki qamoqxonada o‘lmasligi kerak».