Armiya shtabi boshlig‘i, general Vaker-Uz-Zamon mamlakat xalqiga murojaatida bosh vazir iste’foga chiqqanini tasdiqlagan.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Hasina vertolyotda qo‘shni Hindistonga uchib ketgan, bu yerda uning xavfsizlikda bo‘lishiga va’da berilgan.

Vaker-uz-Zamon vaqtincha hukumat shakllantirilishini ma’lum qilgan.

U prezident Muhammad Shahobiddin bilan uchrashishi va kun oxiriga qadar yechim topilishiga umid qilayotganini aytgan.

Harbiy mulozim allaqachon muxolifatdagi siyosiy partiyalar bilan muzokara o‘tkazganini bildirgan. Hukumatni kim boshqarishi hozircha noma’lum.

Shuningdek, general butun Bangladesh xalqi uchun «adolat» va’da qilgan — ya’ni, so‘nggi haftalar davomida yuzlab kishilar halok bo‘lgan namoyishlarda ishtirok etayotgan bangladeshliklar talab qilayotgan narsani.

Dushanba kuni minglab kishilar bosh vazir qarorgohi «Ganobhaban»ga bostirib kirgan.

Internetda tarqalgan videolarda namoyishchilar bosh vazir qarorgohini ostin-ustun qilayotgani aks etgan. 

Yakshanba kuni Shayx Hasinaning iste’fosini talab qilgan namoyishchilarning politsiyachilar bilan to‘qnashuvi oqibatida 90 kishi halok bo‘lgan.

Qurbonlar orasida — 13 politsiyachi ham bor. Ular mamlakat poytaxti Dakkadan 100 km shimolda joylashgan Sirajganj shahridagi politsiya mahkamasiga qilingan hujum oqibatida halok bo‘lishgan.

Dakkada namoyishlar tingani yo‘q

BBC Bangladesh xizmati muxbirlari Dakkada yoppasiga talonchilik holatlari boshlangani haqida xabar berishgan. Xabarlarga ko‘ra, namoyishchilar ichki ishlar vaziri Asaduzzamon Xonning poytaxtdagi Dhanmondi tumanidagi qarorgohiga bostirib kirib, u yerni ostin-ustun qilishgan.

Muxbirlarga ko‘ra, namoyishchilar asosiy darvozani shturm qilib, binoga kirishgan va uyga o‘t qo‘yishgan.