Sport | 18:06 / 13.08.2024
16712
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Parij-2024 Paralimpiya o‘yinlariga rekord miqdorda litsenziyani qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdorlari ma’lum. 

13 avgust kuni Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston delegatsiyasini Parijda o‘tadigan XVII yozgi paralimpiya o‘yinlariga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

28 avgustdan 8 sentabrga qadar Fransiyaning Parij shahrida XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Unda Husniddin Norbekov va Mohigul Hamdamova O‘zbekiston delegatsiyaga bayroqdorlik qilishadi. 

Bu galgi o‘yinlarga 65 nafar o‘zbekistonlik para atlet 9 ta sport turidan (para yengil atletika, para tayekvondo, para o‘q otish, para suzish, para kanoye, para akademik eshkak eshish, para dzyudo, para pauyerlifting va para velosport) jami 113 ta litsenziyani qo‘lga kiritdi. Bu O‘zbekiston Paralimpiyasi tarixida rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. 

E’tiborlisi, Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan 65 nafar para atletning 29 nafari, ya’ni 45 foizi ayol sportchilar hisoblanadi.

Fransiya poytaxtidagi o‘yinlarda O‘zbekiston delegatsiyasi para velosport turidan debyut qiladi. Ikki nafar para velosportchimiz XVII yozgi  Paralimpiya o‘yinlarida  velopoyganing 8 ta yo‘nalishda g‘oliblik  uchun bahs olib boradi.

Para yengil atletika bo‘yicha terma jamoamiz a’zosi Shahina Yigitaliyeva O‘zbekiston tarixida Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etadigan eng yosh sportchi hisoblanadi. U 2008 yil 19 oktyabrda tug‘ilgan.

Ma’lumot uchun, Parij Paralimpiya o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi 28 avgust sanasiga belgilangan.

Mavzuga oid